Dushanba kunidan boshlab O‘zbekiston havo va temir yo‘l transporti qisman tiklandi. Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibiga binoan, yo‘lovchilar reysga qadar 120 soatdan oshmagan muddat ichida koronavirusga test topshirgan bo‘lishi va «salbiy» natija to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etishlari lozim.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun pullik laboratoriya xizmatlarini taqdim etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi (Gazeta.uz tahririyatida hujjat nusxasi mavjud).
Tasdiqlangan tarif bo‘yicha, COVID-19 bo‘yicha tahlilni o‘tkazish qiymati 224 ming 415 so‘mni tashkil etadi. To‘lov terminal yoki bank to‘lov kvitanwiyasi orqali amalga oshiriladi. Xizmat uchun naqd pul to‘lash taqiqlanadi.
Test narxi qanday aniqlanadi?
Koronavirus bo‘yicha tekshiruv Novel Coronavirus (2019-nCOV) Nucleic Acid Diagnostic Kit PZR (polimer zanjir reaksiyasi) tahlili uchun reagentlar jamlanmasi hamda Xitoyning Sansure Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan RNK ekstraksiyasi uchun reagentlar jamlanmasi yordamida olib boriladi.
Xizmat narxini hisoblab chiqishda test o‘tkazadigan mutaxassislar — shifokor (3,47 mln so‘m), laborant (2,2 mln so‘m) va farrosh (1,43 mln so‘m) oylik maoshlariga e’tibor qilingan.
Tahlil uchun materiallar xarajati — 169097 so‘m, ish vaqti qiymati — 2900 so‘m, ijtimoiy sug‘urta ajratmasi — 725 so‘m va 13818 so‘mlik bilvosita xarajatlar bilan jami xizmat tannarx 186540 so‘mni tashkil etmoqda. 20 foiz miqdoridagi rentabellik (27981 so‘m) bilan har bir tahlil uchun Agentlik qariyb 28 ming so‘m ishlab topmoqda.
Foyda solig‘i (12 foiz) xizmat narxini yana 3358 so‘mga oshiradi. Yuqori tashkilotga 2 foizlik ajratma (6536 so‘m) bilan xizmat narxi jami 224415 so‘mga yetadi.
COVID-19 testini qayerda topshirish mumkin?
Toshkentda tahlillarni Respublika va Toshkent OITSga qarshi kurashish markazlari laboratoriyalarida topshirish mumkin. Hududlarda esa testlar Qoraqalpog‘iston va viloyatlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining laboratoriyalarida o‘tkaziladi.
Arizachi original ko‘rinishdagi ma’lumotni bevosita olishi yoki uning elektron pochta va Telegram orqali qabul qilib olishi mumkin.
Muhim: guvohnoma to‘lov haqidagi kvitansiya taqdim etilgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Test topshirish mumkin bo‘lgan markazlar manzillari
№ | Hudud nomi | Xizmat ko‘rsatuvchi muassasa | Manzil, telefon raqami |
1 | Toshkent shahar va viloyati | Toshkent shahar va viloyati Respublika OITSga qarshi kurashish markazi | Chilonzor tuman, Farhod ko‘chasi 12 uy (71)-276−93−25 |
Toshkent shahar OITSga qarshi kurashish markazi | Shayxontoxur tumani, Ko‘kcha darvozasi ko‘chasi 305 uy (71)-242−81−34 | ||
2 | Andijon viloyati | Andijon viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Andijon shahar Bobur shox ko‘chasi, 5-uy (74)-227−60−19 |
3 | Buxoro viloyati | Buxoro viloyat sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi | Buxoro shahar I. Muminova ko‘chasi. 29-uy (65)-223−02−77 |
4 | Jizzax viloyati | Jizzax viloyati sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi | Jizzax shahar A.Azimov ko‘chasi, 1a-uy (72)-222−37−86 |
5 | Qashqadaryo viloyati | Qashqadaryo viloyati sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi | Qarshi shahar Amur Temur ko‘chasi, 74-uy (75)-225−07−34 |
6 | Navoiy viloyati | Navoiy viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Navoiy shahar Navoiy ko‘chasi, 8-yy (36)-220−30−15 |
7 | Namangan viloyati | Namangan viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Namangan shahar Shoxruhobod ko‘chasi, 26- uy, (69)-227−62−93 |
8 | Samarqand viloyati | Samarqand viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Samarqand shahar Isayeva ko‘chasi, 40-uy (66)-231−12−41 |
9 | Surxondaryo viloyati | Surxondaryo viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Termiz shaxar I. Karimov kuchasi, 1-uy (76)-223−32−08 |
10 | Sirdaryo viloyati | Sirdaryo viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Guliston shahar Ibn Sino ko‘chasi 15 (67)-226−38−27 |
11 | Farg‘ona viloyati | Farg‘ona viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Farg‘ona shahar Tobobat ko‘chasi, 26-uy (73)-226−34−64 |
12 | Xorazm viloyati | Xorazm viloyati sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Urganch shahar A.Baxodirxon ko‘chasi, 117-uy (62)-228−83−73 |
13 | Qoraqalpog‘iston Respublikasi | Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi | Nukus shahar, A.Shamuratova 11−7b (61)-224−88−20 |