19 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi parlament quyi palatasi matbuot xizmati.
Unda, jumladan, yangi tahrirdagi “Ta'lim to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. “Deputatlar 5−6 may kunlari bo‘lib o‘tgan palata majlisida qonun loyihasini moddama-modda, bobma-bob muhokama qilgan edilar. Muhokama davomida bir necha moddalar yuzasidan bir fikrga kelinmaganligi sababli ular ustida ishlarni davom ettirish hamda kelgusi majlisda ana shu moddalar atrofida to‘xtalib o‘tishga kelishgan edi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasini takomillashtirish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida loyihaning qoida va normalari maromiga yetkazilib, ortiqcha ma’muriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etish hisobiga kiritilgan 7 ta moddadan butunlay voz kechilib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi 9 ta yangi modda kiritildi.
Shu bilan birga, qonun loyihasini takomillashtirish jarayonida 238 ta normaga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Loyihadan idoraviy ruhdagi bir necha normativ-huquqiy hujjatlarni qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qo‘llashga ta’sir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish oqibatida 123 ta norma chiqarib tashlandi. Ularning o‘rniga 54 ta yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalar kiritilgani ma’lum qilinadi.
Bundan tashqari, qonun loyihasiga inklyuziv ta’lim tushunchasi ham singdirildi. “Bu esa, har bir bolaning ta’lim olishdagi teng huquqliligini ta’minlash, har qanday diskriminatsiya va kamsitishlarning oldini olishga xizmat qiladi”, deya tushuntiriladi xabarda.
Shuningdek, loyihada amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilmagan yangi qoidalar kiritilmoqda. Endilikda, qonun bilan mamlakatda “yoshidan qat’i nazar, katta yoshdagilar umri davomida bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab borish imkoniyatlari” ham mustahkamlanyapti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Oliy Majlis Senati xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq kafolatlari to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagani haqida xabar berilgandi.