Buyuk Britaniyaning nufuzli Kembrij universiteti 2020−2021 akademik yili to‘liq onlayn ta’lim tartibiga o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.
Shunday qilib, universitet navbatdagi o‘quv yilini ham to‘liq onlayn tartibga o‘tkazgan birinchi ta’lim muassasasi bo‘ldi. Endilikda, universitetda barcha ma’ruzalar videokonferensiya shaklida beriladi.
«Universitet pandemiya sharoitida paydo bo‘layotgan o‘zgarishlarga doimo moslashadi. Kelgusida ham ijtimoiy masofalanish talabi yuqori bo‘lishi ehtimoli borligini hisobga olib, universitet navbatdagi o‘quv yilida ma’ruzalar o‘tkazilmasligi to‘g‘risida qaror qabul qildi», — dedi universitet vakili.
Onlayn ma’ruzalar 2021 yilning yozigacha davom etadi. Faqatgina «ijtimoiy masofalanish talablariga javob beradigan» holatlarda kichik o‘quv guruhlari tashkil etilishi mumkin bo‘ladi.
«Ma’ruzalar onlayn tarzda davom etaveradi. Agarda ijtimoiy masofalanish talablariga javob beradigan bo‘lsa, kichikroq guruhlarni oddiy tartibda qabul qilish mumkin. Ushbu qaror o‘quv jarayonini rejalashtirishni osonlashtirish maqsadida qabul qilindi, ammo koronavirus bo‘yicha rasmiy tavsiyalarga o‘zgartirishlar kiritilsa, har doimgidek, ular qayta ko‘rib chiqiladi», — deyiladi e’londa.
Kembrij universiteti mart oyida barcha darslarni onlayn rejimga o‘tkazgan edi. Imtihonlar ham onlayn tartibda olinmoqda.