Toshkent transport boshqarmasi rahbari va «Toshshahartransxizmat» (TSHTX) boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev yo‘nalishlar tarmog‘ini optimizatsiya qilish, yo‘l haqi tarif rejalaridagi o‘zgarishlar va jamoat transporti harakati tiklanganidan so‘ng yo‘lovchilarni qanday o‘zgarishlar kutayotgani haqida «Gazeta.uz»ga bergan onlayn-intervyusida so‘zlab o‘tdi. Quyida suhbat matnini e’tiboringizga havola qilamiz.
TSHTX va Transport boshqarmasining karantin vaqtidagi faoliyati hamda pandemiyaning tizimga ta’siri
Karantin vaqtida Toshkent Transport boshqarmasi O‘zbekiston transport vazirligi, TSHTX, poytaxt hokimiyati va Turkiyaning Kalyon Trafik injiniring kompaniyasi bilan birgalikda jamoat transporti yo‘nalishlarini optimallashtirish ustida ishlamoqda.
Biz yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqdik. U bo‘yicha ishlar hozir tugatilgan. Shahardagi transport infratuzilmasi va transport oqimlari qayta ko‘rib chiqilmoqda.
Biz loyihamizda yo‘lovchilarni birinchi o‘ringa qo‘ydik, ulardan keyin motorsiz transport vositalari (velosiped, samokat, sigvey va boshqalar) va keyin jamoat transportlari turadi. Shaxsiy avtomobildan foydalanish bo‘yicha qulayliklar eng so‘nggi navbatda ko‘rib chiqiladi. Biz «odamlar uchun shahar» konsepsiyasiga muvofiq ishlayapmiz.
Pandemiya sababli biz birinchi va ikkinchi chorakka rejalashtirgan barcha tadbirlarimizni amalga oshirishga ulgurmadik.
Yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi muammolari haqida
Karantin vaqtida yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini (AYTT) bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha ishlarni to‘xtatmadik. Birinchi chorakda transport kartalarining ishida uzilishlar kuzatildi. To‘lovlar har doim ham o‘z vaqtida yechib olinmasdi. Yanvar oyidan martga qadar biz ishlab chiqaruvchilar bilan ushbu xatoliklarni aniqlab, tizimni takomillashtirib bordik. Transport harakatlanishi tiklangandan so‘ng, bu muammolar uchramasligi kerak.
Birinchi bosqichda TSHTXning barcha 1000 ta avtobuslariga mobil validatorlar o‘rnatildi, barcha metro bekatlarida validatorlar o‘rnatilgan turniketlar paydo bo‘ldi. Oylik yo‘lovchi kartalari sotiladigan barcha joylarda va metropoliten kassalarida transport kartalari sotildi.
Tan olish kerakki, transport kartasining tannarxi yuqori edi (11 ming so‘m, bunga bir qatnovning narxi ham kiradi). Kartalarning realizatsiyasi katta miqyosda emas edi. Jamoat transportlari qatnovi cheklangan vaqtga qadar biz faqat 10 foiz yo‘lovchilarni kartalar bilan qamrab oldik. Biz bu ko‘rsatkichni 60 foizga yetkazishni rejalashtirayapmiz. Aprel oyida transport kartalarini sotish bo‘yicha aksiya o‘tkazishimiz kerak edi. Ularni yarim narxida, bitta qatnov narxida yoki yo‘lovchilarga bepul tarqatish imkoniyatlari haqida ham o‘ylagan edik.
Metropoliten jetonlari sotuvini qisqartirish, avtobus jetonlari sotuvini to‘xtatish hamda bir marotabali QR-kodli chiptalarni joriy etish vazifalari turgan edi. Lekin pandemiya tufayli bu tadbirlar ham keyinga ko‘chirildi.
Yo‘lkira haqini to‘lash uchun bir marotabali QR-kodli chiptalarni joriy etish rejalashtirilgan edi. Ularning dasturiy qismi ishlab chiqilgan. Ushbu chiptalarni AYTT mobil ilovasi orqali sotib olish mumkin bo‘ladi. Avtobus jetonlarining sotuvi ham to‘xtatiladi. Biz ularni muomaladan chiqmaguncha qabul qilamiz.
Metro bekatlarining vestibyullarida yangi turniketlar o‘rnatmoqdamiz. Ushbu turniketlarga validatorlar o‘rnatilgan. Bu transport kartalaridan foydalanuvchi yo‘lovchilar o‘tishining tezlashishini ta’minlaydi.
Yo‘lovchilarni naqd puldan voz kechishga qiziqtirish va tarif rejalari
Vazirlar Mahkamasining tarif rejalari bo‘yicha qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Hozirda hujjat Moliya vazirligi bilan muvofiqlashtirilmoqda. Validatorlarning dasturiy ta’minotiga ular hozirdan kiritilmoqda.
Jamoat transportlari harakati tiklangandan so‘ng, birinchi bosqichda biz hozir amal qiladigan yo‘lovchilar kartasiga muqobil tarzda 3, 7 va 15 kun amal qiladigan kartalarni kiritamiz. Narxi jihatidan ular har bir yo‘lovchi uchun hamyonbop bo‘ladi.
Amaldagi yo‘lovchilar kartalarining kamchiliklari shundaki, agar odam ta’tilda bo‘lsa yoki bir oyda transportdan to‘liq foydalanmasa, u transport kartasini xarid qilishga qiziqmaydi. Bunda, yo‘l haqini bir marotabalik narxda to‘lab borish — 1400 so‘m — yo‘lovchi uchun og‘irlik qilishi mumkin. Yo‘lovchilarga 3, 7, 15 kunlik tarif rejalarini sotib olish foydaliroq bo‘ladi. Lekin ular faqat elektron ko‘rinishda mavjud bo‘ladi.
Bunda, nafaqaxo‘rlar, o‘quvchilar va talabalar uchun ushbu tariflarni sotib olishda 50 foizlik imtiyoz saqlanadi.
Bundan tashqari, biz «peresadka» tariflari uchun dastur va normativ qismlarini ishlab chiqyapmiz. Yo‘l haqi narxi masofaning uzoqligiga bog‘liq bo‘ladi. Transportdan chiqqanda, yo‘lovchilar o‘tilgan masofa bo‘yicha pul yechib olinishi uchun transport kartasini validatsiya qilishlari kerak bo‘ladi.
Eng ko‘p «peresadka» qiladigan yo‘lovchilarga yo‘l haqi kompensatsiya qilinadi. Yo‘lovchi qancha ko‘p «peresadka» qilsa, yo‘l haqi uchun shuncha kamayadi. Hattoki, ular ma’lum bir songa yetganida transportdagi qatnov yo‘lovchilar uchun bepul bo‘lishi mumkin.
Statsionar validatorlarni o‘rnatish
Boshlanishida validatorlar avtobuslar va haydovchilarga biriktirilmagan edi. Karantin paytida biz tizimni takomillashtirdik va hozir validatorlar haydovchi, avtobus yo‘nalishi, har bir transport vositasi va avtobus parklariga biriktirildi.
Bundan tashqari, haydovchilar va konduktorlar hamma vaqt ham transport kartalari orqali to‘lovlarni qabul qilishga ulgurmayotgan edi. Shuning uchun, biz har bir avtobusga ikkitadan statsionar validator o‘rnatishni rejalashtirganmiz.
Amaldagi yo‘nalishlar tarmog‘i bo‘yicha ikkita validator o‘rnatish jamoat transportlarida yo‘lovchilar soni ko‘p bo‘lganda va tiqilinch paytlarda yo‘l haqini to‘lashga halaqit beradigandek tuyulishi mumkin. Lekin bunday emas. Avtobus yo‘nalishlari optimallashtirilgandan so‘ng avtobuslarga bo‘lgan bosim kamayib boradi.
Tushum bo‘yicha rejadan voz kechish
Transport kartalari bilan yo‘lovchilarni qoplash 60 foizga yetganda, tushum bo‘yicha rejadan voz kechamiz. Biz bu ko‘rsatkichlarga uchinchi-to‘rtinchi chorakda erishmoqchimiz.
Bu holatda TSHTX, Toshkent shahar hokimligi va Transport vazirligiga aholining qo‘llab-quvvatlashi juda kerak bo‘ladi. Ko‘proq odamlar kuzatib bo‘lmaydigan naqd pul aylanmasining oldini oluvchi transport kartalariga o‘tishlari kerak. Yo‘lovchini qiziqtirish uchun biz tarif rejalarini kiritmoqdamiz.
Tushum bo‘yicha rejani bekor qilishga haydovchilar ijobiy munosabat bildirishmoqda. Biz bu mavzu bo‘yicha ular bilan gaplashdik. Haydovchilar va konduktorlar bu masaladan manfaatdorlar.
Rejadan voz kechish bizga sifatliroq xizmat ko‘rsatishga yordam beradi. Haydovchining oyligi ishlangan soatlarga qarab shakllansa, xizmatlar yaxshilanadi. Qo‘shimcha to‘lovlar haydovchining harakat jadvali, intervali va yo‘l harakati qoidalariga rioya qilganligiga qarab shakllanadi.
Bugun ham bu omillar mavjud. Lekin haydovchilarning oyligi shakllanishi bo‘yicha amaldagi nizomda reja bo‘yicha tushum birinchi o‘rinda turibdi. Bu holat reja bajarilmaganligini boshqa to‘lovlar bo‘yicha qoplash imkoniyatiga to‘siqlik qiladi. Biz rejadan voz kechsak, haydovchilar oyligi xizmatlar sifatiga bog‘liq bo‘ladi.
Reja bekor qilinishi bilan biz bosqichma-bosqich ravishda konduktorlarni transport kartalari orqali yo‘l haqi to‘langanligini tekshiruvchi nazoratchilar etib qayta tayyorlaymiz. Mobil validatorlar konduktorlarning ish insturementi bo‘lib qoladi, avtobuslarda faqat statsionarlar qoladi.
Tushum bo‘yicha rejaning bekor qilinishi avtobus parklaridagi texnik xodimlarga ta’sir qilmaydi. Yo‘nalish tarmoqlari optimallashtirilgandan so‘ng yo‘nalishlar daromadining zarari kamayadi, TSHTX daromadi (foyda emas) o‘sadi va avtoparklarda barcha xodimlarining ustamasi mos ravishda o‘sib boradi.
Yo‘nalishlar tarmog‘ini optimallashtirish
Bugungi yo‘nalishlar tarmog‘i transport talablariga javob bermaydi. Yo‘nalishlar tarmog‘ining optimallashuvi yo‘lovchilar qatnovini turli transportlarga bo‘lishga, avtobuslar harakatining intervallarini qisqartirishga va intensivligini oshirishga yordam beradi.
Biz tayyorlagan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, 12 ta transport-o‘tish uzeli (TO‘U) qurilishi rejalashtirilgan. Ularning barchasi shu yil foydalanishga topshiriladi.
TO‘U va metropolitenning yangi liniyalari yo‘nalishlar tarmog‘ini optimallashtirish uchun muhim. Biz metroni avtobuslar va yo‘nalishli taksilar bilan bog‘lashimiz kerak. O‘ylashimcha, karantin tugashigacha metro Halqa liniyasining Qo‘yliq bozorigacha bo‘lgan qismi va Yunusobod liniyalari tayyor bo‘ladi. Sergeli liniyasini yil oxirigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
Optimallashtirish bizga kerak jarayon. Chunki amaldagi yo‘nalishlar tarmog‘i ratsional emas va transportlar oqimini qanoatlantirmaydi. U na yo‘lovchilar, na tashuvchilar uchun qulay.
Shunday yo‘l qismlari borki, ularda avtobuslar, yo‘nalishli taksilar va metro bir-birini takrorlaydi. Bunday yo‘nalishlar 60 tagacha mavjud. Ayniqsa Sergelida takrorlanadigan yo‘nalishlar ko‘p. Ushbu tumanda uchta avtopark xizmat ko‘rsatadi. Ko‘plab holatlarda haydovchilar bir-biri bilan raqobatlashib, yo‘l harakati hodisalarini keltirib chiqarishadi.
Ishlab chiqilayotgan yo‘nalishlar tarmog‘ida yo‘l-transport infratuzilmasining rivojlanishidan kelib chiqib, takrorlanishlarni kamaytiramiz. Bu ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, magistral yo‘llardagi gavjumlikni kamaytiradi va haydovchilarning bir-biri bilan raqobat qilishga yo‘l qo‘ymaydi.
Yo‘nalishlardagi avtobuslar sonini kamaytirmayapmiz. Balki harakat trassasini o‘zgartiramiz. Yo‘lovchilar qatnovini hisobga olib, harakat intervalini va avtobus klasslarini o‘zgartiryapmiz. Hozir vaziyat shundayki, oxirgi bekatlar tig‘iz paytlarda avtobuslar bilan to‘lib ketadi. Oraliq bekatlarda esa yo‘lovchilar avtobuslarga sig‘ishmaydi. Agar intervallarni qisqartirsak, avtobuslar oxirgi bekatlardan yarmigacha to‘lib yo‘lga chiqishadi va barcha bekatlarda yo‘lovchi olishlari mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, biz eng band bo‘ladigan yo‘nalishlardagi intervallarni qisqartiramiz va yo‘lovchilar oqimiga qarab jamoat transportlarini qayta bo‘lib chiqamiz. Yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan yo‘nalishlarda ko‘p o‘rinli avtobuslar harakatlanadi. Kam o‘rinli avtobuslar esa tashuvchi yo‘nalishlarga qo‘yiladi — mahallalardan markaziy va magistral ko‘chalarga. U yerdan yo‘lovchilar metro yoki magistral avtobuslarga o‘tirishlari mumkin bo‘ladi.
Shunday qilib, bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, Sergelidan shahar markaziga kelayotgan kishi 15 daqiqa atrofida vaqt tejaydi.
Yo‘nalishlar optimallashuvi loyihalarini ishlab chiqishdan oldin yo‘lovchilar oqimi monitoring qilindi. Biz so‘rovlar va 51-avtobus yo‘nalishi yo‘lovchilarini sanash uchun o‘rnatilgan videokameralarning yozuvlaridan foydalandik.
Yo‘nalishlar tarmog‘i — tirik organizm. Bizda ko‘plab qurilishlar ketyapti, shahar rivojlanmoqda, o‘smoqda. Aholining qatnash markazlari ham o‘zgarib boradi. Turli xil omillardan kelib chiqib, yo‘nalishlar tarmog‘i o‘zgarib boradi. Ishlab chiqilgan yo‘nalishlar tarmog‘i 10 yil ishlaydi deb hech kim kafolat bera olmaydi.
Biz qisqa muddat ichida yo‘nalishlar tarmog‘ini o‘zgartirishimiz va yo‘lovchilarga qulayliklar yaratishimiz uchun AYTT o‘z vaqtida ma’lumotni yetkazib turadi. Agar bizda savdo markazi ochilsa, biz unga eltadigan yo‘nalishlarni o‘ylab chiqishimiz kerak, yo‘lovchilarning o‘zi buni so‘rashini kutish kerak emas.
Yo‘nalishlar tarmog‘ini optimallashtirishda jamiyatning o‘rni
Yo‘nalishlar tarmog‘ini optimallashtirish bo‘yicha loyihalarni biz ijtimoiy tarmoqlarda muhokama uchun e’lon qilamiz. Bu tashuvchining yo‘lovchi bilan dialogidir. Bizga ko‘plab takliflar kelib tushadi, ular ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi. Barcha takliflar maxsus ochilgan «Obestvennыy sovet po optimizatsii passajirskogo transporta» Telegram guruhi orqali qabul qilinadi.
Bundan tashqari, biz jamoat transportlari sohasidagi faollar bilan shanba kunlari har bir yo‘nalishni optimallashuvi bo‘yicha loyihalarni muhokama qilishga kelishib oldik. Sifatli va kerakli takliflarni, albatta, ko‘rib chiqishga tayyormiz va ularni loyihalarga kiritamiz. Karantin tugagach, shunday uchrashuvlarni joylarda tashkillashtiramiz.
Bundan tashqari, yo‘lovchilarga jamoat transportlaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ma’lumotlarni yetkazish uchun ham harakat qilyapmiz. Oxirgi bekatlarda tushuntiruvchi materiallar bo‘ladi.
Oxirgi loyiha ham e’lon qilinadi. Ishontirib aytmoqchimanki, hech qaysi massiv transportsiz qolmaydi. Bizning maqsadimiz — jamoat transportining hammabopligini ta’minlash.
Jamoat transportining xarajatlarni qoplay olishi
Butun dunyoda jamoat transporti davlat tomonidan ta’minlanadi. O‘zbekiston ham istisno emas. Jamoat transporti — bu ijtimoiy loyiha, unda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash muhim.
Bugun yo‘nalishlar xarajatini qoplash narxi 2000 so‘mni tashkil etadi, lekin yo‘l haqi narxi 1400 so‘m. Biz xarajatlarni minimallashtirishimiz va optimallashtirishimiz mumkin, yo‘nalishlarni kam xarajatli qilishimiz mumkin, lekin to‘liq o‘zini qoplashga chiqib bo‘lmaydi.
Optimallashuv va ratsional foydalanishdan so‘ng yo‘lovchilarga qulay va tashuvchilarga foydali bo‘ladi. Daromad oshadi, lekin foyda haqida gap ketayotgani yo‘q.
Jamoat transportining infratuzilmasi: BRT, tramvaylar va avtobus bekatlari
Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Farg‘ona yo‘li ko‘chasini 2020 yil oxirigacha rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Bu hududda BRT-avtobuslari (tezkor avtobus transporti) uchun belgilangan va asosiy qatnov qismidan ajratilgan yo‘llar quriladi. Bu tezkor jamoat transportining to‘siqsiz harakatlanishiga yordam beradi.
Bu avtobuslar Compas savdo markazidan Amir Temur xiyobonigacha harakatlanadi. Tig‘iz paytlarda esa ushbu avtobuslar orasidagi intervallarni uch daqiqaga qisqartirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, ushbu tezkor yo‘nalish uchun 20 ta elektrobus sotib olish ko‘zda tutilmoqda. Hozirda ushbu xarid bo‘yicha jarayon Iqtisodiyot vazirligi bilan muvofiqlashtirish bosqichida turibdi. U tasdiqlangandan so‘ng biz 20 ta elektrobus sotib olish bo‘yicha tanlov o‘tkazamiz.
Gaz yoki elektr-dvigatelli va faqat ko‘p o‘rinli avtobuslarni sotib olish bo‘yicha uch yillik rejamiz ham bor. Bosqichma-bosqich dizel avtobuslaridan voz kechamiz. Yangi avtobuslarni xarid qilib borishimiz bilan, biz kam o‘rinli Isuzu avtobuslarini ekspluatatsiyadan chiqarib boramiz.
Hozir Toshkentda konditsionerli 190 ta avtobus mavjud. Bu yil faqat 20 ta konditsionerli elektrobuslar xarid qilish rejalashtirilgan.
Tramvaylarga kelsak, men ularni qaytarishni umuman ko‘rib chiqmayapmiz, deya olmayman. Biz bu masalani maqsadga muvofiqligidan kelib chiqqan holda, tramvaylarni qaytarish bo‘yicha takliflarni kiritib boramiz.
Toshkentdagi barcha 2000 ta avtobus bekatlarini uch yil davomida yangilash bo‘yicha yagona konsepsiyani tanladik. Ular xalqaro standartlarga javob beradi va imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham qulayliklar yaratiladi.
Yangi bekatlar ommaviy ovqatlanish yoki savdo nuqtalarini nazarda tutmaydi. Amaldagi savdo nuqtalarini saqlab qolish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu bekatlarda yo‘lovchilar uchun avtobus kelishi vaqti ko‘rsatiladigan tablo, vending avtomatlari, bankomatlar va Wi-Fi bo‘ladi.
Bu bekatlar xususiy tadbirkorlarga beriladi, ular reklama qo‘yish orqali pul ishlashlari mumkin bo‘ladi. Bizda potensial investorlar bor. Ular hokimiyat bilan kelishuv shartlarini bajarishlari kerak bo‘ladi. Shahar hokimining ushbu masala bo‘yicha qarori ishlab chiqilgan va hozir muvofiqlashtirish bosqichida. Uni may oxirigacha muvofiqlashtirish rejalashtirilmoqda.
Toshkentda velosipedlar uchun infratuzilma yaratish
Toshkentda velosipedlar uchun infratuzilma yaratish loyihasi Toshkent shahar hokimligi, YHXBB, Transport boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston va YeXHT velojamiyati bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Nemis kompaniyasi Planungsbüro VAR+ velosipedlar uchun infratuzilma yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini bizga kiritishdi.
Konsepsiyaga ko‘ra, 12 ta aholi zich joylashgan tumanni shahar markazi bilan bog‘laydigan veloyo‘laklar qurilishi rejalashtirilmoqda. Aholining qatnov nuqtalari, harakatlanishi va boshqa omillar o‘rganildi.
O‘ylashimcha, ikki yil davomida biz barcha 12 ta velosiped yo‘nalishlarini ishga tushiramiz. Konsepsiya Toshkent shahar hokimligi va Transport boshqarmasi saytlarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda muhokama uchun e’lon qilinadi.
Bundan tashqari, bayk-sheringni (velosipedlardan birgalikda foydalanish xizmati — tahr.) tatbiq etish, velosipedlar to‘xtash joylarini qurish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bizda ushbu loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lgan potensial investorlar bor.