O‘zbekiston, AQSH va Afg‘oniston rasmiy vakillari “O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston” birinchi uch tomonlama majlisi davomida COVID-19 pandemiyasi tufayli afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini kengaytirish zarurligini ta’kidlashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligining matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 27 may kuni videokonferetsaloqa shaklida “O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston” birinchi uch tomonlama majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov, AQSH Davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Devid Heyl va Afg‘oniston Tashqi ishlar vaziri Hanif Atmar ishtirokida o‘tdi.

“COVID-19 pandemiyasi afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini berish, avvalo, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni kengaytirish zarurligini taqozo etmoqda”, — deya ta’kidladi majlis ishtirokchilari.

Shu o‘rinda, AQSH va Afg‘oniston vakillari O‘zbekiston rahbariyatiga Afg‘onistonga tovarlarni uzlyuksiz yetkazib berish, shuningdek, koronavirus tarqalishi davrida tranzit yuk tashish ta’minlangani uchun minnatdorlik izhor etdilar.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari “O‘zbekiston — AQSH — Afg‘oniston” uch tomonlama shakli Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish, mamlakat iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol jalb etishga qaratilgan amaliy takliflarni tayyorlash bo‘yicha dolzarb maslahatlashuv mexanizmi ekanligini qayd etdilar.

Xususan, “Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish liniyasi, Pokiston dengiz portlariga chiqish imkonini beruvchi “Mozori-Sharif — Kobul”, “Mozori-Sharif — Hirot” temir yo‘llari qurilishi kabi muhim loyihalarni jadal tatbiq etish zarurligi ta’kidlandi.

“Ishni optimallashtirish va uch tomonlama shaklda hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli ishchi guruhlarini tashkil etishga kelishib oldilar”, — deyiladi TIVning xabarida.

Shuningdek, tomonlar Afg‘oniston inklyuziv hukumatini shakllantirish va Milliy yarashuv bo‘yicha Oliy kengashni tashkil etish to‘g‘risidagi joriy yil 17 mayda imzolangan siyosiy bitim tuzilishini hamda Afg‘oniston hukumati va “Tolibon” harakati tomonidan mahbuslarni ozod qilish amaliyotini davom ettirilishini yuqori baholadilar.