Navoiy viloyatida karantin qoidalari kuchaytirilmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Tahlillarga ko‘ra, viloyatda kasallik, asosan, beshta o‘choq orqali tarqalganini ko‘rish mumkin. Jumladan, birinchi katta o‘choq Zarafshon shahrida, ikkincha va uchinchi o‘choqlar Xatirchi tumanida, to‘rtinchi o‘choq Konimex tumanida hamda beshinchi o‘choq Tomdi tumanida yuzaga kelgan.

Epidemik vaziyatdan kelib chiqib, asosiy uchoq bo‘lmish, Zarafshon shahri “qizil” hudud toifasiga kiritilgan. Bundan tashqari, joriy yil 26 may kunida kasalligi aniqlangan bemorlar (31 nafar) bilan muloqotda bo‘lgan 300 nafarga yaqin fuqaro karantinga olingan: shundan 104 nafari uy karantini, 182 nafari esa statsionar karantinga joylashtirilgan. Viloyatning yana qator tuman va shaharlarida ham yuzlab fuqarolar uy va statsionar karantinga olinib, qat’iy tibbiy kuzatuvga olingan.

Shuningdek, epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, tegishli maxsus komissiya qarori bilan joriy yil 8 maydan boshlab, bosqichma-bosqich Zarafshon shahridagi 11 ta mahallada kuchaytirilgan karantin qoidalari saqlab qolinib, transport vositalarining harakatlanishi cheklanishi belgilandi. Bundan tashqari, Xatirchi tumanidagi 6 ta mahallada ham karantin qoidalari kuchaytirilgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Tibbiyot xodimlarini kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori o‘rinbosari boshchiligida yuqori malakali shifokor-olimlar, jumladan, epidemiolog, infeksionist, otorinolaringolog, reanimatolog, pulmonolog, xirurg hamda vrach-laborant kabi qatormutaxassislardan iborat maxsus guruh viloyatga yuborildi.

“Ular hududda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlarni yanada kuchaytirish, bemorlarni samarali davolash borasida mahalliy mutaxassislarga yaqindan amaliy yordam ko‘rsatmoqda”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda 119 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Bugungi kun holatiga ko‘ra, ulardan 12 nafari sog‘aygan bo‘lsa, qolgan 107 nafar bemorga shifokorlar tomonidan davolash muolajalari olib borilmoqda.