Davlat bojidan tushgan mablag‘lar 100 foiz Davlat byudjetiga o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan “Davlat boji to‘g‘risida” qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qonun loyihasida aytilgan.
Unga ko‘ra, Davlat boji to‘g‘risidagi qonun “Davlat bojini to‘lashdan tushadigan mablag‘lar 100 foiz miqdorda O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetiga o‘tkaziladi” qismi bilan to‘ldiriladi.
Moliya vazirligining izohiga ko‘ra, bugungi kunda davlat bojining ayrim turlari bo‘yicha to‘lanadigan mablag‘lar byudjetdan tashqari jamg‘armalar va Davlat byudjeti o‘rtasida taqsimlanib kelinmoqda. Xususan, davlat bojining ba’zi turlari bo‘yicha mablag‘larning 85 foizigacha qismi byudjet tashkilotlarning byudjetdan tashqari jamg‘armalariga o‘tkaziladi.
“Ushbu loyiha Moliya vazirligi tomonidan byudjetdan tashqari jamg‘armalar hamda vazirlik va idoralarning byudjetdan tashqari hisob-raqamlarini O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga konsolidatsiyalashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning davomi hisoblanadi”, -deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumotga ko‘ra, hozirda “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonuniga muvofiq 48 ta byudjetdan tashqari jamg‘armalardan 23 ta yiriklari Davlat byudjetiga konsolidatsiyalashtirilgan.
Ushbu qonun qabul qilinsa, 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha muhokamasi 5 iyunga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun, 2020 yil I chorak yakunlariga ko‘ra bojxona to‘lovlaridan Davlat byudjetiga 4,8 trln so‘m tushgan. Bu 2019 yilning xuddi shu davrida bojxona to‘lovlari tushumi — 3,4 trln so‘m bo‘lgan edi. Bu tushumlar orasida eng katta ulushni quyidagilar tashkil etdi: import qilinadigan tovarlar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i — 3,8 trln so‘m, aksiz solig‘i — 0,2 trln so‘m, bojxona boji — 0,6 trln so‘m.