O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 iyun kuni Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ovoz berish jarayonining muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi. Suhbatning to‘liq matni Rossiya prezidenti matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
«Fursatdan foydalanib, omad tilamoqchiman. Albatta, 1 iyul — yangi Rossiya uchun tarixiy kun — konstitutsiyaning o‘zgartirilishi. O‘ylaymanki, odamlar biz ko‘rib turgan, u yerda aytilganlarning hammasini allaqachon qilish kerakligini, bugun esa buning vaqti kelganligini to‘g‘ri tushunishadi. O‘ylaymanki, bu Rossiya xalqi uchun xizmat qiladigan o‘zgartirishlar. Shuning uchun, men yangi Rossiya tarixidagi ushbu kun juda muvaffaqiyatli o‘tishini xohlardim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya bo‘ylab konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha ovoz berish jarayoni 25 iyundan 1 iyulga qadar davom etadi. Bu qaror saylov uchastkalarida COVID-19 bilan kasallanish xavfini kamaytirish maqsadida qabul qilingan, deya xabar bergan edi RBK.
O‘zgartirishlar qabul qilinsa, amaldagi va sobiq prezidentlarda prezidentlikka o‘z nomzodlarini yana ikki muddatga ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Bundan tashqari, o‘zgartirishlar bosh vazir va parlament palatalari vakolatlarining o‘zgarishi, hukumat tayinlanishining yangi tartibi, sobiq prezidentlarning dahlsizligi va bir umrlik senatorlarning paydo bo‘lishini nazarda tutadi.
Yangi tahrirdagi konstitutsiyada qator ijtimoiy normalar paydo bo‘lishi mumkin, jumladan, pensiyalarning indeksatsiyalashuvi, nikohning faqat erkak va xotin kishi o‘rtasidagi ittifoq ekanligini belgilash, hamda asosiy qonun matnida Xudoni eslatish taklif etilgan. Bu haqda batafsilroq biz oldinroq xabar bergan edik.