Davlat komissiyasining 1-son bayoni bilan 2020−2021-o‘quv yili uchun xotin-qizlarga ajratilgan to‘rt foizli qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining hududlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi, deya xabar berdi Davlat test markazining matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, xotin-qizlarga oliy ta’lim muassalarda Respublika bo‘ylab jami 940 ta joy ajratilib, ularning hududlardagi taqsimoti quyidagicha:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 51;
- Andijon viloyati — 85;
- Buxoro viloyati — 53;
- Jizzax viloyati — 36;
- Qashqadaryo viloyati — 88;
- Navoiy viloyati — 28;
- Namangan viloyati — 75;
- Samarqand viloyati — 104;
- Surxondaryo viloyati — 71;
- Sirdaryo viloyati — 49;
- Toshkent viloyati — 80;
- Farg‘ona viloyati — 100;
- Xorazm viloyati — 50;
- Toshkent shahar — 70.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, xotin-qizlar uchun qo‘shimcha grant kimlarga berilishi va tartibi haqida xabar bergandik. Unga ko‘ra, xotin-qizlarga beriladigan tavsiyanomalar quyidagi mezonlardan biri asosida beriladi:
- kam ta’minlangan oiladan chiqqan xotin-qizlar;
- to‘liqsiz oilada tarbiyalanayotgan, ya’ni ota yoki onasi vafot etgan xotin-qizlar;
- 14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq farzandlarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolg‘iz ayol (erkak)larning qizlari;
- shaxsiy uy-joyga ega bo‘lmagan, ijarada yashayotgan oilalar;
- ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish qidiruvchi shaxs sifatida aholi bandligiga ko‘maklashish markazlarida hisobda turganlar;
- nogironligi bo‘lgan farzandi bor oilalardan chiqqan xotin-qizlar;
- oliy ma’lumotli xotin-qizlar bilan qamrab olish darajasi respublikaning o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan ikki yoki undan ortiq marotaba past bo‘lgan tumanlar, shuningdek, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi oilalardagi qiz farzandlar (ularni o‘z hududida 3 yil ishlash sharti bilan).
Shuningdek, tavsiyanomaga talabgorlar tomonidan bir qator hujjatlar taqdim etilishi lozim bo‘ladi. Bular — Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri nomiga ariza; belgilangan mezonlardan birini tasdiqlovchi hujjatlar (ilovasi bilan); ma’lumotnoma-ob'ektivka; umumiy o‘rta ta’lim yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasasidan ma’lumotnoma va pasport yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma nusxalari.
Ta’kidlanishicha, tuman (shahar) bo‘limlari huzuridagi ishchi guruh tomonidan talabgor xotin-qizlarning hujjatlari 24 iyundan 10 iyulga qadar qabul qilish rejalashtirilgan.