15 iyun kuni Toshkentdagi umumiy ovqatlanish muassasalari deyarli uch oylik tanaffusdan keyin mehmonlarni qabul qilishni boshladi. Tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, biznes katta yo‘qotishlarni boshdan o‘tkazdi, ammo karantin davrida davlatdan amaliy yordam olmadi. Muassasalar ochilganidan keyin ham restoratorlarning sanitariya talablariga muvofiq mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘plab savollari javobsiz qolmoqda. Soha vakillari «Gazeta.uz» ga sektor qo‘rqmasdan ishlashi uchun nima xalaqit berayotgani va nega ular tekshiruv idoralari xodimlarida jazolovchilarni emas, balki maslahatchilarni ko‘rishlari qanchalar muhimligini gapirib berishdi.
Qoidalar haddan ziyod ko‘p
Pandemiya sharoitlarida davlat idoralari va tadbirkorlik sub’ektlari uchun vaqtinchalik sanitariya qoidalari (SanPiN) 23 aprelda O‘zbekiston bosh sanitar shifokori Baxodir Yusupaliyev tomonidan tasdiqlandi.
Testo by Zamira&Co. restorani ham-ta’sischisi Nargiza Ulug‘ovaning «Gazeta.uz»ga aytishicha, restoratorlar SanPiNda belgilangan ushbu qoidalarga oriyentir olishgan. Biroq, 22 may kuni tadbirkorlar Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan ishlab chiqilgan umumiy ovqatlanish ishlarini tashkil etish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar oldilar.
Mazkur hujjatga binoan, zallarda mehmonlarni bir stol atrofida ikki kishi yoki plastik ekran o‘rnatilgan holatda to‘rt kishi, shuningdek, bir oila vakillari uchun olti kishini qabul qilishga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, korxonalarga sanitariya agentligining boshqa tavsiyalari ham berildi. Masalan, ulardan birida ofitsiantlar yuziga himoya qiluvchi ekran kiyishlari kerakligi aytilgan. Ammo bu hujjat muhrsiz edi, deydi Nargiza Ulug‘ova.
Keyinchalik, 4 iyun kuni Respublika maxsus komissiyasi umumiy ovqatlanish muassasalarida xizmat ko‘rsatishni qayta yo‘lga qo‘yishga ruxsat berish uchun qaror qabul qildi.
Restoranlarning ishlashi uchun majburiy talablar quyidagilar deb belgilandi:
- ziyofatlar va ommaviy tadbirlarni ta’qiqlash;
- ish vaqti 8:00 dan 23:00 gacha;
- stollar orasidagi ijtimoiy masofaga rioya qilish;
- bir stol atrofida to‘rt nafardan ortiq kishini (bir oiladan 10 kishidan ortiq bo‘lmagan) joylashtirmaslik va infeksiya tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha boshqa choralar.
Erkin talqin
Shunga qaramay, Nargiza Ulug‘ovaning so‘zlariga qaraganda, muassasalarga «hech qanday hujjatsiz odamlar kelishadi, ogohlantirish berishadi va hech qayerda yozilmagan sanitariya talablariga rioya qilishni talab qilishadi. Ular qoidalarni o‘z bilganlaricha talqin qiladilar yoki aynan qaysi talablarga rioya qilish kerakligi borasida bir qarorga kela olmaydilar» — davom etadi u.
«Masofa haqida xabar berilgan edi. Kimdir stollar orasi 2 metr, kimdir stullar oralig‘i 2 metr dedi. Stolga itarib qo‘yilgan stullar yoki odam o‘tirgan holatdagi stullar orasidami?», — deya savol beradi Nargiza Ulug‘ova.
O‘z ismini oshkor qilishni istamagan Toshkent restoratorlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, ish boshlaganining birinchi kuni u zalda mehmonlarni qabul qilish taqiqlanganligi to‘g‘risida ogohlantirilgan. Bu haqda tadbirkorni xabardor qilgan noma’lum kishilar hech qanday tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etishmagan va faqat yozgi terrassalar ishlashi mumkinligini ta’kidlashgan. Zallarning faoliyat yuritishi uchun qandaydir ruxsatnoma olish zarur. Bunday ruxsatnomani qay tarzda va qayerdan olish to‘g‘risida ko‘rsatma berilmagan.
Safia qandolatchilik uylari tarmog‘i 11 iyun kuni sanitariya-epidemiologiya talablariga qat’iy rioya qilgan holda ochilishga ruxsat oldi. Ushbu hujjatni bosh vrach muhri va imzosi bilan Mirobod tumani sanitariya agentligi boshqarmasi xodimlari berishgan. (ruxsatnoma nusxasi tahririyatda mavjud).
Biroq, 16 iyun kuni restoratorlarning sanitariya agentligi direktori o‘rinbosari Botirjon Qurbonov va bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bilan uchrashuvida tadbirkorlarga ruxsatnoma berish noqonuniy ekani aytilgan.
Undan tashqari, umumiy ovqatlanish sohasi yuqorida tilga olingan 23 apreldagi SanPiN talablariga rioya qilishi kerakligi qayd etildi. Biroq, tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvdan keyin Botirjon Qurbonov hamkasbining so‘zlarini rad etgan.
«ChayKof» kofeynyalar tarmog‘i boshqaruvchi-hamkori Alina Simermanning aytishicha, SanPiNda keltirilgan restoran xodimlari himoya kiyimlarida ishlashlari kerakligi to‘g‘risidagi ko‘rsatma bu kiyimlar tez olov olishi, ostidagi kiyimlarni eritishi va teriga yopishishi sababli Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tasdiqlanmagan.
«Qurbonov uch kun ichida aniq reglamentli video-ko‘rsatma chiqarilishini va’da qildi, ammo biz hali hanuz hech narsa olmadik», — ta’kidlaydi Nargiza Ulug‘ova.
«Biz qoidani buzishni xohlamaymiz, jarima to‘lashni istamaymiz. Biz „kovid“ tarqalishini kamaytirishni va shu bilan birga ish o‘rinlarini saqlab qolishni xohlaymiz. Biz madorsizlangan holda boshi berk ko‘chadamiz. Aniq hujjat yo‘qligi sabab ko‘p hamkasblarimiz muasasalari yopiq», — barcha ikkilanishlarga barham beruvchi ko‘rsatmalar bo‘lmaganligi sababli tadbirkorlar o‘z ishini davom ettirishdan qo‘rqishlarini ta’kidlagancha davom ettirdi Testo ham-ta’sischisi.
Pan-Osiyo taomlari kafesi Kimchi Plate rahbari Marina Ten Davlat sanitariya-epidemiologoiya nazorati inspeksiyasining tuman bo‘limlari ham ma’lum hududdagi karantin darajasiga qarab umumiy ovqatlanish tizimi faoliyat yuritishi uchun har xil talablarni qo‘yishlariga e’tibor qaratdi. Bu holat restoratorlarni chalkashtiradi.
Alina Simermanning so‘zlariga ko‘ra, umumiy ovqatlanish muassasalari faoliyatini nazorat qiluvchi hujjatlar shuningdek, tuman ichki ishlar bo‘limlari va boshqa nazorat organlari xodimlari tomonidan ham olib kelinadi.
«Nurmat Otabekovning o‘rinbosari tekshirish uchun buyruq, guvohnoma va so‘rovnoma so‘ralishi kerakligini aytdi. Uch kun tekshirish keldi: hujjatlar yo‘q, hech qanday so‘rovnoma, tekshirish uchun buyruq yo‘q. Og‘zaki ogohlantirishdi. Bu reydga o‘xshaydi», — umidsizlanadi Nargiza Ulug‘ova.
«Bizni yashirincha ishlashga majbur qilishyapti»
Caravan Group asoschisi Timur Musinning ta’kidlashicha, birgina Toshkent shahrida umumiy ovqatlanish sohasi 200 ming kishini ish bilan ta’minlaydi. Bu nafaqat restoranlar, balki aloqador soha xodimlari hamdir. Biroq, restoran biznesida yetakchi yo‘q, hech kim tadbirkorlarning yonini olmaydi, chunki bu yerda katta pul yo‘q, deb hisoblaydi Timur Musin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, xoldingni qo‘llab-quvvatlangani faqat Majburiy ijro byurosi tomonidan ilgari musodara qilingan bir nechta Caravan Group transport vositalarini qaytarish imkoniyatini berganligida ko‘ringan xolos.
Alina Simerman karantin paytida olingan yagona imtiyoz bu ijtimoiy soliq stavkasini 12 foizdan 1 foizga tushishi deb ta’kidlaydi. Ammo bu ijara, ish haqi va karantindagi xodimlar ish o‘rnini ushlab turish bilan solishtirganda ahamiyatsiz pul miqdori, dedi u.
Karantin davrida restoran biznesini qo‘llab-quvvatlash uchun qabul qilingan boshqa choralar qatoriga daromad solig‘ini bekor qilish, gaz va elektr energiyasidan foydalanganlik uchun avans to‘lovini 100 foizdan 30 foizgacha kamaytirish, kreditlarning muddatini uzaytirish hamda yer solig‘i va mol-mulk solig‘ini bir kvartal davomida bekor qilish kiradi.
Ammo tadbirkorlar hali yana bir necha oy davomida daromad olomasliklariga ishonchlari komil. Kommunal xizmatlar restoranlarga shusiz ham juda qimmatga tushadi, muddati uzaytirilgan kredit to‘lovlarining ham foizlari bekor qilinmaydi, umumiy ovqatlanish korxonalarining 99 foizi esa o‘z bino va yerlariga ega emas, ijaraga oladi. Shuningdek, alkogol mahsulotlari chakana savdosi uchun litsenziya to‘lovlari kamaytirildi, ammo hamma restoranlarda ham bar menyusi mavjud emas.
Avvalroq, biznes vakillari Spot.uz ga hukumat umumiy ovqatlanish muassasalariga soliq imtiyozlari berishi, pandemiya tufayli vaqtincha yopilgan korxonalar ish haqining bir qismini kompensatsiya qilishi, kredit to‘lovlarini to‘xtatib qo‘yishlari, ular bo‘yicha foiz stavkalarini kamaytirishlari va boshqa imtiyozlar berishlari mumkinligini aytishgan edi.
«Sardoba voqealari sodir bo‘lganida oldimizga kelib, rezina etik so‘rashdi. Kam ta’minlanganlar uchun yordam so‘rashdi. Va biz yordam berdik. Buning evaziga biz hech narsa olmadik», — dedi «Gazeta.uz»ga o‘z ismini aytishni istamagan restorator.
Bunday yo‘qotishlar fonida ushbu tashkilotlarga tashrif buyurgan va infeksiya yuqtirgan odamlarni karantin davridagi xarajatlarini qoplash mas’uliyatini tadbirkorlarga yuklash restoran biznesi uchun halokatga o‘xshaydi. Oldinroq, bosh sanitariya nazoratchisi Nurmat Otabekov ta’kidlaganidek, tadbirkorlar faqat epidemiologik tekshiruv natijalariga ko‘ra javobgar bo‘ladilar. Shuningdek, u ushbu tashkilotlarning aybsizligini isbotlash uchun korxonalarda kuzatuv kameralarini o‘rnatishni tavsiya qildi. Ammo ko‘plab tashkilotlar bunday xarajatlarni qoplay olishmaydi, deb hisoblaydi Alina Simerman.
«Men uchun yopilish foydaliroq, lekin agar men yopilsam, yuz kishi ishsiz qoladi. Men kabilar esa ko‘p», — deydi u.
Nargiza Ulug‘ova qoidalarning barcha tahrirlari juda noaniq ekanligini ta’kidladi. Talablarning talqinlari shuqadar kengayganki, ular қоиdabuзарликларni aniqlamaslikning imkoni qolmasligi, restoranlarning ishlashi qiyinlashishi uchun yozilganga o‘xshaydi.
«Avvaliga umumiy ovqatlanish muassasasiga kelgan bir oila olti kishidan, keyin o‘n kishidan iborat bo‘lishi mumkinligi aytildi. Qaysi ko‘rsatmaga amal qilish kerak? Bu oila ekanligini qayerdan bilamiz? Pasportlarini so‘rashimiz kerakmi?», — so‘raydi Alina Simerman.
«Bizni restoranlarga orqa eshikdan kirishga, yashirin ishlashga majbur qilishyapti. Ammo hech kim qoidabuzar bo‘lishni xohlamaydi», — ta’kidladi Timur Musin.
«Bizga maslahatchilar kerak, jazolovchilar emas»
Nargiza Ulug‘ova, Alina Simerman, Marina Ten va Timur Musin umumiy ovqatlanish muassasalari davlatning moliyaviy yordamiga yoki biron-bir imtiyoziga muhtoj emasligini ta’kidladilar. Faqatgina restoranlar o‘sishi uchun imkon berish kerak. «Aks holda, yil oxiriga qadar biz ko‘pchilikni hisobdan yo‘qotamiz», — deb ishontirdi Timur Musin.
«Nima uchun 23:00 dan keyin ishlash mumkin emas? Soat 23:00 dan keyin virus boshqacha harakat qiladimi? Men Chelsea ni ocholmayman, chunki u soat 22:00 da ishni boshlaydi. Shu bilan birga, banklar kredit uchun to‘lovni amalga oshirishni va foizlarni qoplashni talab qiladi. 2017 yilgacha yarim tundan keyin ishlash og‘zaki taqiqlangan edi, ammo o‘shanda ham huquqiy kuchga ega hujjatlar yo‘q edi. Natijada mamlakatda tungi hayot o‘ldi. Tungi hayotning jonlanishi bilan yosh sayyohlar bu yerga kela boshladilar, chunki ular uchun kunduzi 45 daraja issiqda emas, balki tunda mazali ovqatlanish qiziq va muhim», — deydi Timur Musin.
Uning ta’kidlashicha, restoranlarga erkin ish soati zarur. Bu ko‘proq mijozlarni, ko‘proq ish vaqti va ish joylari, ko‘proq foyda va ko‘proq soliqlarni anglatadi.
Alina Simerman umumiy ovqatlanish sohasida axborot qo‘llab-quvvatlashi yo‘qligiga e’tibor qaratdi. Hech kim farmonlarning talablariga rioya qilish yo‘llarini tushuntirmaydi, ularda juda ko‘p noaniqliklar mavjud.
«Biz ish bilan ta’minlaydigan, turizmni shakllantiradigan sohamiz, masalan, rossiyalik sayyoh „vaqtini mazali o‘tkazish“ uchun kelsa hamki, bizni turizm bilan bog‘lashmaydi,», — deb hisoblaydi Timur Musin.
Restoratorlar umumiy ovqatlanish sohasi uchun aniq va tushunarli ishlash qoidalarini berish, rejadan tashqari tekshiruvlarni bekor qilish va ularning o‘rniga monitoringni amalga oshirishni so‘rashadi.
«Tekshiruvlar monitoringday bo‘lsin. Bizga maslahat berishsin, jazolashmasin. Bizga to‘g‘ri ishlashimiz uchun yordam berishsin», — aniqlik kiritadi Alina Simerman.
Timur Musin, shuningdek, huquq-tartibot idoralari faoliyati uchun reglament belgilash kerakligini qo‘shimcha qildi. U 21 iyun kuni huquq-tartibot idoralari xodimlari uning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida joylashgan Cinara’s restoraniga kelib, uning yopilishini talab qilishganligini aytgan. «Agar kelib (muassasani) yopishni so‘rashsa, asos, qog‘ozlar bo‘lsin. Biz bu qog‘ozlarni bankka kreditni to‘lashga qodir emasligimizni asoslash uchun taqdim eta olamiz».
Marina Ten umumiy ovqatlanish muassasalariga yozgi verandalarni ochish huquqi kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir barcha terrassalar noqonuniy qurilgan, chunki bu kabi harakatning o‘zi qonuniylashtirilmagan. Tadbirkorlar katta xursandchilik bilan verandalarni qonuniy qurgan bo‘lardilar.
«Poytaxtning qiyofasini yaratish kerak. Issiq mamlakatlarda hayot kechqurun boshlanadi, odamlar sayr qilishadi, ko‘chada o‘tirishni xohlashadi. Shunday qilib biz infratuzilmani qurishimiz, uni yaxshilashimiz mumkin, chunki bunda bizning manfaatlarimiz bor», — xulosa qiladi Timur Musin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi sharhlari
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi epidemiologik monitoring va profilaktik tadbirlarni o‘tkazish boshqarmasi boshlig‘i Rustam Ikromov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida karantin davrida umumiy ovqatlanishni tartibga soluvchi asosiy hujjat 23 apreldagi SanPiN ekanligini ta’kidladi. Qolgan ko‘rsatmalar faqat tavsiyaviy xarakterga ega, dedi u. Agar ushbu tavsiyalarning birortasi umumiy ovqatlanish muassasasi tomonidan bajarilmasa, unda nazorat organlarining ularni jarimaga tortishga haqqi yo‘q.
Shunga qaramay, 22-maydagi SanPiN restoranlarning ish vaqtini yoki bitta stolda o‘tirishi mumkin bo‘lgan odamlar sonini chegaralamaydi. Rustam Ikromovning so‘zlariga ko‘ra, bu cheklovlar respublika maxsus komissiyasining qarorlari bilan qabul qilinadi. Demak, umumiy ovqatlanish muassasalari faqatgina bitta ko‘rsatmaga amal qila olmaydi.
Zallarda mehmonlarni qabul qilish taqiqlangani haqida gapirganda, Rustam Ikromov SanPiNda bu borada hech qanday cheklovlar yo‘qligini aytdi. Shuningdek, taqiq hech qanday tavsiyalarda ham ko‘rsatilmagan, ammo maxsus komissiyaning hech qayerda e’lon qilinmaydigan va hech qayerda tarqatilmaydigan bayonnomasida tashrif buyuruvchilarga faqat ochiq maydonlarda xizmat ko‘rsatish mumkinligi aytilgan.
Nazorat idoralari zallarda mehmon qabul qilganliklari uchun muassasalarni jarimaga tortishi mumkinmi? Jarima yozishda ular qanday hujjatni ko‘rsatadilar? Agar maxsus komissiya bayonnomasi bo‘yicha mijozlarga faqat terrassalarda xizmat ko‘rsatish mumkin bo‘lsa, nega zallarga tashrif buyuruvchilar e’tiborga olinmayapti va bundan tashqari, nima uchun tadbirkorlarga yozgi verandalar qurishga rasmiy ruxsat berilmaydi?
Rustam Ikromovning ta’kidlashicha, аgar maxsus komissiya taqiqiga qaramay restoranga tashrif buyuruvchilarni zalga qabul qilganliklari uchun restoratorlar jarimaga tortilmasa, demak muassasalar epidemiyaga qarshi talablarga javob beradi: barcha tashrif buyuruvchilarning haroratini o‘lchaydilar, stollar orasidagi masofaga amal qiladilar, dezinfeksiya vositalaridan foydalanadilar.
Shuningdek, u hozirgi kunda sanitariya agentligi mahallalar, tumanlar va shaharlardagi karantin darajasiga qarab umumiy ovqatlanish muassasalari faoliyatini cheklash bo‘yicha taklifni tayyorlayotganini aytib o‘tdi. Agar maxsus komissiya sanitariya agentligi tavsiyalarini qabul qilsa, koronavirus tarqalish xavfi yuqori bo‘lgan hududdagi restoranlarga faqat yegulikni o‘zi bilan olib ketish xizmatini yo‘lga qo‘yish uchun ishlashga ruxsat beriladi.
Rustam Ikromov maxsus komissiyaning ba’zi qarorlarini izohlay olmadi. Masalan, restoranlar ish soatlarini soat 23:00 gacha cheklanishi. Shubhasiz, bu tungi vaqtda virusning faollashishi bilan bog‘liq emas.
Tadbirkorlar va fuqarolar bir necha bor maxsus komissiya qarorlarining asosliligi, izchilligi va maqsadga muvofiqligi masalasini ko‘tarishdi, ularning aksariyati sanitariya agentligi tavsiyalari singari turlicha tushunilishi mumkin. Ammo afsuski, bu savollar ochiqligicha qolmoqda.