Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga taqdim etdi. Xususan, “Iste'mol krediti to‘g‘risida” gi qonunning 15-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishlar ko‘zda tutilgan.

Agar hozir iste’mol kreditlari faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlar (xizmatlar) uchun berilsa, hujjatning yangi tahririda chet el mahsulotlarini xarid qilishda ham iste’mol kreditlarini berish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, qo‘mita banklarga iste’mol kreditlarini naqd va xorijiy valyutada berish taklifini berdi. Hozirda kreditlarni naqd pul shaklida berish taqiqlangan.

Shuningdek, iste’molchilarga ishlab chiqaruvchi yoki tovarlarni (xizmatlarni) taqdim qiluvchi tashkilotga kredit olinganligi to‘g‘risida elektron shaklda (hozirda faqat yozma ravishda) xabar berish imkoniyati berilishi rejalashtirilgan.

Hujjatni muhokama qilish 16 iyulgacha davom etadi.