Andijon viloyati Asaka tumanida 9 yoshli qizchaning o‘limida qo‘shni ayol gumon qilinmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati “Gazeta.uz"ga ma’lum qildi.

Avval xabar qilinganidek, 21 iyun kuni taxminan 18:00 da 2011 yilda tug‘ilgan qizning tanasi o‘z uyida jonsiz holatda topilgan edi. Marhumning ko‘krak-qorin sohasida kesuvchi-sanchuvchi jismlar orqali 16 ta tan jarohati yetkazilgan. Hodisa joyini ko‘zdan kechirish jarayonida murda yotgan xonada buyumlarning joylashish tartibi buzilganligi, javon (tryumo) tortmasida bo‘lgan 1,5 million so‘m pul yo‘qolganligi aniqlangan.

Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, marhuma bilan qo‘shni uyda yashagan A. X. (1997 yilda tug‘ilgan, bir farzandning onasi) qotillikda gumondor sifatida jalb qilindi.

“Fojia sodir bo‘lgan kuni qizning onasini bolasiga qarab turish iltimosi uyiga taklif qilgan. Qo‘shnining uyi qarovsiz qolganidan foylangan ayol o‘g‘rilik maqsadida u yerga kirgan va tortmadan 500 ming so‘m pul olayotgan vaqtida uni 9 yoshli Q.I. ko‘rib qolgan. Ayol jinoyatini yashirish maqsadida o‘zi bilan olib chiqqan (xonadondagi shkaflarning qulfini ochish uchun) pichoqni qizaloq tanasining turli joylariga qasddan sanchib, hodisa joyidan yashiringan”, — deyiladi xabarda.

Qo‘shnining ko‘rsatmalari hodisa joyiga chiqib tekshirilganda, jinoyat quroli sifatida foydalangan pichoq topilgan va tegishli tartibda rasmiylashtirilgan holda jinoyat ishiga qo‘shilgan.

Jinoyat ishi yuzasidan guvoh tariqasida so‘roq qilingan bir necha guvohlar fojia sodir bo‘lgan vaqtda A.X.ning qiz yashaydigan uyga uch marta kirib-chiqqanini ko‘rishganini aytgan.

Jinoyat ishi bosh prokurorning shaxsiy nazoratiga olingan bo‘lib, O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.