Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev karantin talablari kuchaytirilgani sababli poytaxt aholisiga murojaat bilan chiqib, ularni beporvolikka yo‘l qo‘ymaslikka, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslikka, jamoa bo‘lib yig‘ilmaslikka va onlayn xizmatlardan unumli foydalanishga chaqirdi.
O‘z murojaatida hokim so‘nggi oylar davomida Toshkent shahrida karantin talablari yumshatilishi aholi tomonidan karantin talablariga zid bo‘lgan harakatlar ko‘payib, buning oqibatida oxirgi o‘n kunda poytaxtda kasallikka chalinish holatlari keskin oshib, kunlik 30−40 tadan o‘rtacha 150−200 tagacha ko‘paygani, o‘lim holatlari ham ortganini ta’kidlab o‘tdi.
“Koronavirus menga ta’sir qilmaydi, mendan uzoqda degan fikrda bo‘lsak, adashamiz. Xavf ortda qolishi uchun hammamiz sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq amal qilishimiz, beporvolikka yo‘l qo‘ymasligimiz, zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmasligimiz, jamoa bo‘lib yig‘ilmasligimiz, avvaldan mo‘ljallangan jamoaviy tadbirlarni ortga surishimiz lozim. Bugun aksariyat xizmatlar, hatto savdo-sotiq ham onlayn yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har birimiz undan unumli foydalanishimiz zarur”, — dedi u.
Shuningdek, Jahongir Ortiqxo‘jayev 10 iyuldan uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga tibbiy maslahat hamda axborot berishga qaratilgan tunu kun uzluksiz faoliyat ko‘rsatuvchi 1105 qisqa raqamli Call-markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganini ma’lum qildi. Shu bilan bir qatorda, uy sharoitida davolanayotgan bemorlar hamda karantinga olingan shaxslarga joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan mobil guruhlar tashkil etiladi.
“Salomatligingizda biror noxushlik va kasallik alomatlarini his qilganingizda befarq bo‘lmang, darhol shifokorlarga murojaat qiling va nazoratda bo‘ling, o‘zingizni yakkalang va zarur muolajalarni o‘z vaqtida ko‘ring. Koronavirusni jamiyatning birligi, jipsligi va bu borada belgilangan barcha qoidalarga rioya qilishi bilangina yengishimiz mumkin”, — deya ta’kidladi Toshkent hokimi.