Koronavirus infeksiyasiga chalingan qashqadaryolik bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi, deya xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi, 56 yoshli B.V. (erkak) joriy yil 5 iyul kunidan 10 iyulgacha tana harorati ko‘tarilib, holsizlik kuzatilgan.

11 iyul kuni esa tana harorati tushmay, holsizlik va yo‘tal kuchayganligi hamda nafas yetishmovchiligi belgilari paydo bo‘lganligi sababli «COVID-19» infeksiyasiga namuna topshirgan va kasallik tasdiqlangan.

«Bemor og‘ir ahvolda viloyat Ftiziatriya va pulmonologiya markazi reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Unga „COVID-19“ infeksiyasi o‘ta og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Kasalli ikki tomonlama pnevmoniya og‘ir kechishi, nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilindi.