Rossiya poytaxti meri Sergey Sobyanin Moskva shahrining 60 foiz aholisida koronavirus infeksiyasiga qarshi jamoaviy immunitet shakllanganini aytib o‘tdi. Bu haqda RIA Novosti nashri xabar berdi.

«Moskvada ham, Nyu-Yorkda ham aholining qariyb 60 foizida koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllandi», — dedi poytaxt meri.

Shuningdek, Sobyanin Moskva va Nyu-Yorkni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash nuqtai nazaridan taqqoslashni maqsadga muvofiq deb bilishini ta’kidladi. Uning fikricha, shaharlar orasidagi asosiy farq shundaki, Nyu-Yorkda «jarayon (koronavirus infeksiyasining tarqalishi — tahr.) bir oy davom etdi va sog‘liqni saqlash tizimi bu yukga bardosh bera olmadi», ammo Moskvada ushbu «jarayon uch oyga cho‘zdirildi».

Ma’lumot uchun, jamoaviy immunitet — bu epidemiologik tushuncha bo‘lib, u vaqt o‘tishi bilan aholining ayrim qismida ma’lum bir infeksiyaga qarshi immunitet shakklanib, kasallikning tarqalishi sekinlashishiga yoki umuman to‘xtashiga olib keluvchi omildir.

Jamoaviy immunitet shakllanishi uchun talab qilinadigan aholi qismi foizi kasallik tarqalishiga bog‘liq bo‘ladi. Ko‘pgina olimlar koronavirusga qarshi immunitet shakllanishi uchun aholining 60 foizi kasal bo‘lishi kerak degan fikr yuritishmoqda.

COVI-19 pandemiyasi boshlanganidan Rossiya poytaxtida 232,3 ming koronavirus holati aniqlangan bo‘lib, shundan qariyb 170 ming nafari kasallikdan tuzalgan va 4271 nafari hayotdan ko‘z yumgan. Moskva shahrining aholi soni esa 12,6 milliondan ortiq.