O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

«O‘zbekiston 24» telekanalining xabar qilishicha, ikkinchi chorakda karantin choralari davrida 1056 ta korxonaning (15 foiz) savdo aylanmasi hajmi birinchi chorak bilan taqqoslanganda 5,5 trln so‘mga qisqargan, 3000 ta korxonada (41,6 foiz) ishchilar soni 14,8 mingtaga, 5620 ta korxonada (78,5 foiz) esa Mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi hajmi 65 mlrd so‘mdan ko‘proqqa qisqargan.

Hujjatga muvofiq, 2020 yil 1 iyuldan 31 dekabrga qadar tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash uchun:

umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar (8 foiz) aylanmadan olinadigan soliqdan ozod qilinadi;

jismoniy shaxslar esa ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromadlardan soliq to‘lashdan ozod qilinadi;

mol-mulklarni (bino va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini soliqqa tortish maqsadida qo‘llanilayotgan tartiblar bekor qilinmoqda. Turar joy binolari uchun ijaraning eng kam stavkasi kv. m uchun oyiga 3500−12000 so‘m, noturar joylar uchun 6500−25000 so‘m, avto uchun esa oyiga 500 ming so‘mdan 1 mln so‘mgachani tashkil etmoqda;

ijara beruvchilarga 2020 yilda ijara to‘lovlarini, shu jumladan, taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini hisobga olgan holda, kamaytirish maqsadida qayta ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Bundan tashqari, 1 iyuldan umumiy ovqatlanish korxonalari kichik tadbirkorlik sub’ektlariga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishlari uchun xodimlarning o‘rtacha yillik soni 25 nafardan 50 nafargacha oshirildi.

2020 yilda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda soliq hisobotlarini topshirish muddatidan 5 kundan oshmagan bo‘lsa, soliq qonunchiligida belgilangan soliq hisobotlarini taqdim etmaslik uchun jarima qo‘llanilmaydi.

2020 yil 31 dekabrga qadar prezidentning 18 maydagi farmoni (PF-5996) bilan belgilangan soliq imtiyozlari va preferensiyalarning amal qilinish muddati uzaytiriladi. Jumladan:

  • kichik tadbirkorlik sub’ektlari;
  • bozorlar va savdo majmualari;
  • kinoteatrlar;
  • umumiy ovqatlanish joylari;
  • jamoat transportlari tashkilotlari;
  • sport-sog‘lomlashtirish muassasalari;
  • shuningdek, yo‘lovchilarni tashish, maishiy xizmat ko‘rsatish, yopiq joylarni ijaraga berish, shu jumladan banketlar tashkil etish bilan shug‘ullanadigan yuridik shaxslar mol-mulk va yer solig‘i to‘lashdan ozod qilinadi.

Mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12%dan 1%ga pasaytiriladi. Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan davlat korxonalari va yuridik shaxslar bundan mustasno.

Tadbirkorlar uchun tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni)ni olib kirishda (import) qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni 120 kungacha kechiktirish huquqi beriladi.

Mikrofirma va kichik korxonalarning aylanma mablag‘lari kamayishining oldini olish maqsadida 2020 yil 15 may holatiga soliq qarzlari va soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun penya va hisoblangan jarimalar bo‘yicha qarzdorliklarini undirish to‘xtatiladi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondiga, «Saxovat va ko‘mak» fondiga, «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga, shu jumladan ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi bo‘linmalariga beg‘araz beriladigan tovarlar (xizmatlar) qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlar 2020 yilning 31 dekabriga qadar uzaytiriladi.

14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalar nafaqasi, shuningdek, ikki yoshgacha bo‘lgan bola parvarishi bo‘yicha nafaqalarga jismoniy shaxslar daromadlariga soliq hisoblashda umumiy daromad sifatida qaralmaydi.

2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari tutash hududlarga yozgi terrasalarni hokimiyatlarni xabardor qilish yo‘li bilan bepul joylashtirish huquqiga ega bo‘ldi. Ushbu davr mobaynida hokimiyatlar bilan shartnoma tuzmasdan, biroq soliq organlarini xabardor qilgan holda avtotransport vositalari, jumladan, avtodo‘konlar, avtotirkamalar, avtotsisternalar va fudtraklar orqali savdoni amalga oshirishga ruxsat beriladi.