Andijonda viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari 159,3 mln so‘mlik byudjet mablag‘lari talon-toroj qilishdi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Bosh prokuratura matbuot kotibi Xayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, Andijon viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi mansabdor shaxslari «T.D.F» MCHJ bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq, 326,4 mln so‘m bo‘lgan «gipoxlorid kalsiy 65%» dezinfeksiyalovchi vositasini 485,7 mln so‘mga (o‘rtacha bozor narxidan 159,3 mln so‘mga qimmat) sotib olgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan markazning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 205-moddalari (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat kodeksining 167-moddasi bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs juda ko‘p miqdorda mablag‘ o‘zlashtrilgan yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilgan deb topilsa bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, 205-modda bo‘yicha aybdor deb topilgan shaxs juda ko‘p miqdorda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilgan deb topilsa bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Eslatib o‘tamiz, shu kabi holatlar Navoiy (qariyb 510 mln so‘m va 222,3 mln so‘m), Namangan (248,9 mln so‘m), Buxoro (202,5 mln so‘m) va Qashqadaryo viloyatlarining SEOM mansabdor shaxslarida ham kuzatilgan.