Toshkent viloyatida COVID-19 bilan kasallanganlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar uchun qo‘shimcha o‘rinlar tayyorlanmoqda, deya xabar qildi Milliy gvardiya matbuot kotibi Davron Jumanazarov payshanba kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolar sihatgox, dam olish maskanlari, sog‘lomlashtirish lagerlari, kollejlar va litseylar yotoqxonalariga joylashtiriladi. Uy sharoitida davolanayotgan bemorlarga esa tibbiy xizmat ko‘rsatish, ularga zaruriy oziq-ovqatlar, immunitetni ko‘taruvchi dori-darmonlar va boshqa zaruriy ehtiyoj mollarini yetkazib berish maqsadida viloyatda 31 ta mobil guruhlari tashkil etildi.

Viloyat bo‘ylab Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi vakillaridan tashkil topgan 44 ta guruh 17 turdagi maxsus texnikalar shuningdek, 482 nafar ko‘ngilli (volontyor) jalb etilgan holda kuniga o‘rtacha 315 ta ob’ektda (262 801 kv. metr maydonda) dizenfeksiya ishlari olib borilmoqda.

Matbuot kotibining qayd etishicha, Nurafshon shahrida 24 soatlik rejimda faoliyat olib boruvchi muvofiqlashtirish tezkor shtabi tashkil etilgan. Karantin talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida jami 3 310 nafar Milliy gvardiya va ichki ishlar organlari xodimlari jalb etilgan.