22 iyul kuni Jeneva shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon savdo tashkilotining navbatdagi yig‘ilishida a’zo davlatlar Turkmanistonga kuzatuvchi maqomini berishni qo‘llab-quvvatladilar. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida xabar berildi.
«Taxminan 6,2 mln aholiga ega Markaziy Osiyo davlati JST bilan rasmiy munosabatlarni o‘rnatgan sobiq sovet respublikalaridan oxiriga aylandi» — deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Turkmaniston JSTda kuzatuvchi maqomini olish uchun o‘z arizasini 2020 yil may oyida taqdim etgan, bu, o‘z o‘rnida, mamlakat 5 yil ichida tashkilotga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlash niyatida ekanligini bildiradi.
Barcha delegatsiyalar nomidan JST bosh kengashi raisi, Yangi Zelandiya elchisi Devid Uolker Jenevadagi Turkmanistonning doimiy vakili va elchisi Atageldi Xaljanovni qabul qildi va JSTning yangi kuzatuvchi mamlakati sifatida so‘zga chiqishga taklif qildi.
Turkmaniston vakili tashkilot a’zolariga minnatdorlik bildirib, JST Turkmanistonning jahon iqtisodiyoti va savdosiga yanada integratsiyalashuviga erishish platformasi sifatida muhimligini ta’kidladi.
«Zamonaviy dunyoda iqtisodiy globallashuvning tobora kuchayib borayotgan tendensiyalari Turkmanistonga jahon iqtisodiyotiga va xalqaro iqtisodiy munosabatlar tizimiga faol qo‘shilish vazifasini qo‘ydi. Turkmaniston JST qoidalari va tartiblari bilan tanishish uchun kuzatuvchi maqomi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanadi», — dedi elchi Atageldi Xaljanov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayoni 2019 yil iyul oyida mamlakat JSTga tashkilotga a’zo bo‘lish uchun tashqi savdo rejimi to‘g‘risidagi yangilangan memorandumni arizani ko‘rib chiqishga taqdim etgan paytda boshlangan edi. Tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi yig‘ilishlarini qaytadan boshlab, 7 iyul kuni Jenevada videokonferensiya shaklida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishi bo‘yicha ishchi guruhining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruh 1998 yilda tashkil etilgan edi. Keyingi yillarda ushbu ishchi guruh faqat uch marta uchrashdi va 2000 yillarning o‘rtalarida uning xalqaro ekspertlar bilan uchrashuvlari to‘xtatilgan.