O‘zbekistonda birinchi Volkswagen dilerlik markazi ochildi va u yerda kompaniyaning yengil tijorat transporti — Caddy modelli sotuvlari boshlandi, deya xabar berildi dilerlik markazining ochilish taqdimotida.

«O‘zavtosanoat» kompaniyasi raisi Shavkat Umurzoqov taqdimot davomida ushbu loyihaga O‘zbekiston prezidentining 2019 yil yanvar oyida Germaniyaga tashrifi chog‘ida qo‘l urilganini ma’lum qildi. Shu tariqa «O‘zavtosanoat» va Volkswagen konserni o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolangandi. Shavkat Umurzoqov loyihaning dastlabki bosqichida yetti o‘rinli Caddy minivenini ishlab chiqarishga qaror qilingani qayd etib o‘tdi.

«Sababi O‘zbekiston avtomobil sanoati tomonidan aynan shu avtomashina segmenti ishlab chiqarilmaydi va bo‘sh turardi. Bu nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH davlatlarida va yaqin xorij davlatlarida bu segment bo‘sh hisoblanadi. Yaqin kelajakda biz ishlab chiqarilayotgan avtomobillarni mahalliylashtirish darajasini Volkswagen sifat darajasida amalga oshirishga imkoniyat beradi», — deya ta’kidladi «O‘zavtosanoat» kompaniyasi rahbari.

«Folksvagen Grup Rus» bosh direktori Markus Ozegovich Volkswagen Group ko‘p yillardan buyon MAN yuk avtomashinasi brendi ostida O‘zbekistonda faoliyat yuritib kelayotganini eslatib o‘tdi.

«Yaqin kunlarda biz hamkorligimizning yangi bosqichiga o‘tishni rejalashtirganmiz. Biz o‘z avtomobillarimizni dunyoning turli mamlakatlarida sotamiz, lekin uni ishlab chiqaruvchi mamlakatlar soni ancha cheklangan. Shuning uchun O‘zbekistonning mana shu kuzdan boshlab bizning avtomobil ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ro‘yxatiga kirishidan bag‘oyatda mamnunman», — dedi u.


Jizzax avtomobil zavodi bosh direktori Oybek Ayubov kelgusi haftalarda Toshkentda, shuningdek, Jizzax va Qo‘qonda, kelajakda esa mamlakatning barcha mintaqalarida bittadan dilerlik markazini ochish rejalashtirilganligini aytib o‘tdi.

Volkswagen Caddy avtomobilining texnik xususiyatlari

Avtomobil to‘rt silindrli jami hajmi 1,6 litrga ega benzin dvigateli bilan jihozlangan. Maksimal quvvat — 110 ot kuchi. O‘rtacha yoqilg‘i sarfi 6−8 litrni tashkil etadi, ekologik standart Yevro-3 ga teng.

O‘zbekistonda Volkswagen Caddy 3 ta komplektatsiya ko‘rinishida taqdim etiladi:

  • Kasten — Qisqa bazali va ko‘tarish qobiliyati 750 kg gacha bo‘lgan yuk komplektatsiyasi;
  • Kombi — ham yuk ham yo‘lovchi tashuvchi komplektatsiya (5 o‘rinli);
  • Trendline — yo‘lovchi tashuvchi komplektatsiya (2 tadan 7 tagacha o‘rin)

Narx

Volkswagen Caddy avtomobiliga bo‘lgan dastlabki narxlar quyidagicha:

  • Kasten — 172,1 mln so‘m (16,8 ming AQSH dollari — 28 iyul kunidan MB kursi bo‘yicha);
  • Kombi — 190 mln so‘m (18,6 ming dollar);
  • Trendline — 221,9 mln so‘m (21,7 ming dollar).

Mazkur avtomobillarni dilerlik markazidan (Toshkent shahar, Sergeli tumani, Obixayot ko‘ch., 39) va onlayn volkswagen.uz sayti orqali xarid qilish mumkin.

Kompaniyaning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, birinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, bozor va talabni o‘rganish hamda bu yil 2000 tagacha avtomobil sotish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha 2 bochqichda amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda (2020−2021 yillarda) Volkswagen va Škoda (1991 yildan boshlab, Volkswagen konsernining bir qismi hisoblanadi) avtomobillari tayyor holatda import qilinadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, avtomobillar Polshadan keltirilmoqda.

Jizzax avtomobil zavodi xodimlari yirik uzel yig‘ish va sifat nazorati bo‘yicha o‘qitiladi. Nemis mutaxassislari sifatli auditini o‘tkazadilar.

2022 yildan boshlab esa payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini o‘z ichiga olgan to‘liq ishlab chiqarish sikli boshlanadi.