29 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 22169 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 153 nafari Toshkent viloyatida, 51 nafari Toshkent shahrida, 30 nafari Namangan viloyatida, 12 nafari Sirdaryo viloyatida, yana 12 nafari Farg‘ona viloyatida, 11 nafari Qashqadaryo viloyatida, 4 nafari Қорақалпоғистонда hamda 3 nafari Navoiy viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 9777 kishi davolanmoqda. Ulardan 209 nafari og‘ir, 88 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 12265 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 127 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Toshkent shahar Yakkasaroy tumanida yashagan 52 yoshli O.T. (erkak) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 19 iyul kuni «COVID-19» infeksiyasi tasdiqlangan va Zangiota tumanidagi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi va ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir respirator disstres sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramay o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.