30 iyul soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 22872 nafarni tashkil etmoqda, deya xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi.

Unga ko‘ra, yangi kasallanish holatlarining 58 nafari Toshkent shahridaги karantin markazidagi fuqarolar (barchasi xorijdan kelgan) orasida, 116 nafari Toshkent viloyatida, 43 nafari Samarqand viloyatida, 23 nafari Andijon viloyatida, 15 nafari Surxondaryo viloyatida, 11 nafari Navoiy viloyatida, yana 11 nafari Namangan viloyatida hamda 10 nafar Qashqadaryo viloyatida koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Hozirda mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan 9803 kishi davolanmoqda. Ulardan 215 nafari og‘ir, 81 nafari o‘ta og‘ir ahvolda, deya baholanmoqda.

Ayni paytda mamlakatda 12937 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan.

Bundan tashqari, shu vaqtga qadar COVID-19 asoratlaridan vafot etgan bemorlar soni 132 nafarga yetdi.

Navbatdagi bemor o‘limi Buxoro viloyati Buxoro shahrida yashagan 68 yoshli M.M. (ayol) bo‘lib, u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgani ma’lum qilinadi.

Qayd etilishicha, bemorda 11 iyul kunidan tana harorati ko‘tarilgan va uy sharoitida davolangan. 17 iyul kuni esa og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelinib, reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan.

«Unga „COVID-19“ infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. Shuningdek, bemor qandli diabet, yurak ishemik kasalligi, zo‘riqish stenokardiyasi, gipertoniya, arterial gipertenziya kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan», — deyiladi xabarda.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.