O‘zbekiston uchun xos bo‘lmagan ob-havo hukmronlik qilgan iyul oyi yakunida O‘zgidromet bosh sinoptigi Irina Zayseva o‘tgan oydagi ob-havoning o‘ziga xosliklari, shuningdek, meteorologlar avgust oyi bo‘yicha qanday bashoratlarni ilgari surayotganini sanab o‘tdi.
«Bu yil iyul oyining birinchi yarmida O‘zbekistonda ob-havo sharoitlari nisbatan qulay bo‘ldi. Kunduzgi harorat 30−35 daraja atrofida bo‘lib, faqat ayrim kunlarda 36−38 darajagacha ko‘tarildi. Mamlakatimizning janubiy tumanlarida harorat biroz yuqori bo‘lsada, biroq eng issiq kunlarda ham 40−41 darajadan oshmadi.
Oyning ikkinchi yarmida chilla o‘z o‘zini namoyon qildi. Kunduzi harorat barqaror 37−40, respublika shimoli, janubi va cho‘l zonasida 42−43 darajaga yetdi. Faqat juda qisqa muddatga issiq biroz susaydi.
Oyning ikkinchi yarmida o‘rtacha harorat iqlimiy me’yordan 1−2 darajaga, ayrim joylarda 3 darajaga yuqori bo‘ldi.
Oyning ikkinchi yarmida haroratning ancha yuqori qiymatlariga qaramasdan, bu yilgi iyulni eng issiq deb bo‘lmaydi.
Har holda, u meteorologik kuzatuvlar davrida eng issiq deb e’tirof etilgan 2019 va 2018 yillarning iyul oylariga nisbatan unchalik issiq bo‘lmadi.
Toshkentda, masalan, o‘tgan yilning iyul oyi o‘rtasida 13 kun davomida harorat 40 darajadan yuqori bo‘lib turdi, eng issiq kunlarda esa 43 daraja bo‘ldi. O‘zbekistonning shimoliy, janubiy va cho‘lli hududlarida harorat 44−46 darajaga yetdi, ayrim joylarda esa 48 daraja bo‘lgani qayd etildi.
Bu yilgi iyulning yana bir o‘ziga xos xususiyati — tog‘li va tog‘oldi tumanlarda tez-tez yomg‘ir yog‘ishi kuzatildi. Faol frontal zona O‘zbekistonning shimoli-sharqiy, sharqiy hududlariga ta’sir ko‘rsatib, namlikning ortishi, bulutlar hosil bo‘lishi va ayrim kunlarda asosan Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida mahalliy yomg‘irlar yog‘ishiga sabab bo‘ldi.
Oy hali tugamagan bo‘lsa ham, Toshkentda iyul oyi uchun yog‘inlar miqdori 3,7 mm ni tashkil qildi. Bu iqlimiy me’yorlarga yaqin bo‘lib, 2004 va 2007 yildan keyin «uchinchi» o‘rindir.
Aytish kerakki, meteorologik kuzatuvlar solnomasida Toshkentga «yomg‘ir quyilgan» yillar ham bor. 1954 yil iyulida poytaxtda yoqqan yog‘inlar miqdori 41 mm, 1969 yil iyulida esa 39 mm ni tashkil qilgan. Biroq tarixda Toshkentda umuman yomg‘ir yog‘magan iyul oylari ko‘proq.
Iyul oyining so‘nggi kunlari va avgustda ob-havo qanday bo‘ladi?
Bugun O‘zbekiston hududining katta qismida ob-havo quruq va kam bulutli, harorat 35−38 daraja.
Mamlakatimizning shimoli-g‘arbiy hududlariga Volgabo‘yidan nam va salqin havo oqimi kirdi. Qoraqalpog‘istonda va Xorazm viloyatida ob-havo bulutli bo‘ladi, ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Harorat 28−33 darajagacha pasayadi.
Ertaga nam va salqin havo butun respublika hududiga tarqaladi. Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida ayrim joylarga qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qorqalpog‘istonda, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlarida kechga borib qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi.
Kunduzgi harorat 30−33 darajagacha pasayadi, Qurbon xayit bayrami kuni respublikamiz aholisini salqin havo kutmoqda.
1 avgustda qisqa muddatli momaqaldiroqli yomg‘irlar faqat Toshkent viloyati va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida kuzatilishi mumkin, mamlakatimizning qolgan hududida yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, harorat 30−33 daraja atrofida bo‘ladi.
2 avgustda respublikamizning katta qismida ob-havoning yana kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda, faqat ba’zi tog‘li va tog‘oldi hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ib, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Keyingi haftada ob-havo yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi. Harorat asta ko‘tariladi va yana 36−39 darajani tashkil qiladi.
Keyinchalik avgust harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Qisqa muddatli yomg‘irlar asosan respublikaning tog‘li va tog‘oldi hududlarida kuzatiladi. Harorat kechasi 17−22 daraja, kunduzi 32−37 daraja atrofida, ayrim kunlarda 40 darajagacha bo‘lishi kutilmoqda. oyning so‘nggi o‘n kunligida kunduzgi harorat 28−33 darajagacha pasayishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi O‘zbekistonda yilning eng quruq oyi hisoblanadi.
Avgust oyida yog‘ingarchilikli kunlar o‘rtacha 1−2 kunni, Farhona vodiysi va tog‘larda −3−6 kunni tashkil qiladi. O‘rtacha yog‘inlar miqlori mamlakatimiz hududining katta qismida 1−2 mm, ayrim joylarda 3−4 mm, tog‘oldi va tog‘larda 10−20 mm ni tashkil qiladi".