Hukumatning 30 iyuldagi qarori bilan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatish uchun subsidiya ajratiladi. Bu haqda Huquqiy axborot Telegram-kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash, daryolar, kanallar va boshqa suv ob’ektlaridan suv chiqarish vositalarini sotib olish va o‘rnatishga davlat tomonidan subsidiya ajratiladi.

Subsidiyalar quyidagi shartlar asosida ajratiladi:

  • qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan har bir gektar yerni foydalanishga kiritish xarajatlarining 50 foizi, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda;
  • aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun chuqurligi 10 metrdan ortiq bo‘lgan har bir vertikal quduqni burg‘ulash va ishga tushurish xarajatlariga quduqning har bir metr chuqurligi uchun 100 ming so‘mdan, biroq BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda;
  • kamida 30 ta aholi tomorqa yerlarini sug‘orish uchun vertikal sug‘orish quduqlarini burg‘ulash va ishga tushirish xarajatlarining 70 foizi, biroq 120 mln so‘mdan oshmagan qismi qoplanadi.