Senat oltinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida» gi qonunni ma’qulladi. Bu haqda parlament yuqori palatasi axborot xizmati xabar berdi.

Majlis davomida ta’kidlanganidek, ushbu qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati bugungi kunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalarning tartibga solinmagani bilan izohlanadi. Shuningdek, voyaga yetmaganlar savdosiga qarshi kurashishning o‘ziga xos xususiyatlari, shu jumladan, indentifikatsiya qilish, yordam berish va himoya qilishning huquqiy maqomi belgilamagan.

Yangi tahrirdagi qonunda, jumladan, sohaga oid asosiy tushunchalar va tamoyillar, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari, Milliy komissiya, xududiy komissiyalar va Milliy ma’ruzachiga oid me’yorlar aniq belgilangan.

Ma’lum qilinishicha, hozirgi kunda mamlakatda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko‘rsatsa, ularning 100 ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yo‘nalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga ko‘maklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ochib berilmoqda.

Shu bilan birga, amaldagi qonundan farqli o‘laroq, yangi tahrirdagi qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini ta’minlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotlarning maxfiyligini ta’minlash tartibi va ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari va boshqa kafolatlar yoritilgan.

Bundan tashqari, milliy konunchilikda ilgari bo‘lmagan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va ularni qayta yo‘naltirish tushunchalari alohida bobda belgilangan.

Qonunning qabul qilinishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qilishi bois Senat a’zolari mazkur qonunni ma’qulladi. Endilikda, ushbu qonun prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.