Livan bosh vaziri Hassan Diab mamlakat hukumati iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Hukumatning tegishli qarorini prezident Mishel A’yun qabul qilib oldi, deya xabar berdi Al Jazeera nashri.

Hukumat rahbariyatining ushbu qarori Livan poytaxti Bayrutda prezident iste’fosini, hukumatni va erta saylovlarni o‘tkazishni talab qilgan ommaviy norozilik namoyishlari boshlanganidan keyin qabul qilindi. O‘z o‘rnida, keskin vaziyat Bayrutda 4 avgust kuni sodir etilgan juda kuchli portlash natijasida yuzaga keldi.

«Korrupsiya natijasida yuzaga kelgan ushbu jinoyat [Bayrut portida portlash yuzaga kelish sabablari — tahr.] — davlatdan ham kattaroq», — dedi Diab televideniye orqali bergan xayrlashuv bayonotida. Shu bilan birga, bosh vazir ushbu qadam Livan ichki siyosiy muammolariga yechim topishiga va yordam berishiga umid bildirdi.

Ma’lumot uchun, 4 avgust kuni Livan poytaxtida ro‘y bergan kuchli portlash oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 200 nafardan oshdi, 6 mingdan ortiq kishi turli darajada tan jarohatlari olgan. Hodisaga 2015 yilda boxona xodimlari tomonidan musodara qilinib, o‘tgan davr mobaynida Bayrut porti omborida saqlab kelinayotgan 2750 tonna miqdoridagi ammiakli selitra sabab bo‘lgan.

Rasmiylarning ma’lutlariga ko‘ra, portlashdan yetkazilgan jami zarar miqdori 15 mlrd AQSH dollariga teng bo‘lgan va portlash natijasida 300 ming poytaxt yashovchisi uysiz qolgan, deya baholanmoqda.