«Milliy gvardiyaga ishga kiritib qo‘yaman» deb 27200 AQSH dollarini qo‘lga kiritgan firibgar IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olindi, deya xabar berdi Samaqand viloyati IIB axborot xizmati.

17 avgust kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, 2000 yilda tug‘ilgan, S.B. ariza bilan murojaat qilib, yanvar oyida Urgut tumanida yashovchi tanishi U.Sh. uni Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasida yuqori lavozimda ishlovchi L. ismli tanishi orqali Milliy gvardiya tizimiga ishga joylashtirishini aytib, yanvar oyidan iyul oyining oxiriga qadar bo‘lib-bo‘lib jami 27200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni talab qilib olib, uni ishga kiritmasdan, yana 300 AQSH dollari berishini so‘rab kelayotganligini ma’lum qilib, U.Sh. va L. ismli shaxslarga nisbatan qonuniy chora ko‘rishini so‘ragan.

Arizaga asosan, 17 avgust kuni soat 15:00 larda Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi va Milliy gvardiya Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, Urgut shahrida yashovchi U.Sh. (1998 y.t.) ariza muallifi S.B.dan 300 AQSH dollari miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Aniqlanishicha U.Sh. hech qanday L. ismli shaxsni bilmasligi, S.B.ning pulini qo‘lga kiritish maqsadida o‘zini ovozini o‘zgartirib, unga o‘zini L. deb tanishtirib, boshqa raqam orqali telefonda gaplashib kelgan. S.B.ni Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritaman deb, aldov yo‘li bilan, 27200 AQSH dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritib, o‘zining shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatgan.

Mazkur holat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing ancha miqdordagi mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish) va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.