Ayni kunlarda Maktabgacha ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda ta’lim muassasalarida amal qiluvchi sanitariya me’yorlari ishlab chiqilmoqda, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Rustam Ikromov.
«Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘z farzandlarimiz ta’lim olishadi. Bu masalada e’tibor berish kerak bo‘lgan jihatlar ko‘p. Ishlab chiqilayotgan tadbirlar shunchaki hisobot uchun emas, balki farzandlarimizni ijtimoiy hayotga tezroq qaytarish, karantin sharoitida ularning ruhiyatida kuzatilgan o‘zgarishlarni bartaraf qilish, ular qatnaydigan muassasalarda koronavirus tarqalishiga imkon qadar to‘sqinlik qilishga qaratilgan choralar belgilanishi lozim», — deydi Rustam Ikromov.
Mazkur me’yorlar Adliya vazirligi tomonidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi hamda barcha tomonidan bajarilishi birdek majburiyligi belgilab qo‘yiladi.
Shundan keyin maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablariga faoliyatini boshlash uchun ruxsat beriladi, deyiladi xabarida.