Qashqadaryo viloyatida «temir daftar»ga kiritilgan ehtiyojmandlarga mo‘ljallangan mablag‘larni talon-toroj qilish holatlari aniqlandi, deya xabar berdi viloyat ma’muriyati matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida ayrim tumanlarda kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam pullarini tarqatishda soxtakorliklarga ko‘pincha mahalla qo‘mitalari xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda ushbu masala bilan viloyat prokuraturasi shug‘ullanmoqda.

Hokim Qashqadaryo viloyatida Qurbon hayiti bayrami arafasida 20 ming oilaga (84335 kishi) 1 mln so‘mdan ajratilgani, shuningdek, 750 ta oilaga tadbirkorlar hisobidan chorva, parranda va quyonlar olib berilganini eslatib o‘tdi.

Muborak tumanida pul tarqatilishi. Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi.

Biroq ayrim tumanlarda, deya qayd etdi Zoyir Mirzayev, ish zarur darajada tashkil etilmagan. «Hech kimga sir emaski, bularning boshida mahallalarning ayrim mansabdor shasxlari turishgan», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi matbuot xizmati.

Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, xalq qabulxonalari va koll-markazlarga eng ko‘p murojaat Dehqonobod tumani va Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan — 46 tadan. Zoyir Mirzayev «bugungi sinovli kunlarda bu kabi noxush holatlarni amalga oshirishning o‘zi katta xiyonat, katta jinoyat ekani»ni ta’kidlab o‘tdi.

Qashqadaryo viloyat prokuraturasi o‘rganishlarida ba’zi mas’ullar ehtiyojmand oilalar ro‘yxatida keltirilgan shaxslar telefon raqamlari yoziladigan joyga o‘z raqamlarini kiritib qo‘ygan.

«Prokuratura vakillari qo‘ng‘iroq qilganida ham „ha, men o‘sha odamman, oldim pulni“ qabilida javob bergan», — deya ma’lum qildi viloyat ma’muriyati.

Avvalroq Toshkent viloyatining Bekobod tumanida mahalla raisi o‘z mahallasida yashamaydigan va moddiy yordamga muhtoj bo‘lmagan fuqarolarga nafaqa ko‘rinishida 31,6 mln so‘m ajratish uchun hujjatlarni soxtalashtirgani xabar qilingan edi.

Toshkentning Chilonzor tumanida esa mahalla va Aholi bandligiga ko‘maklashish markazi mansabdorlari 26 fuqaroni ishga joylashtirish to‘g‘risidagi hujjatlarni soxtalashtirib, byudjetdan 36 mln so‘m o‘zlashtirgan edi.

«Gazeta.uz» muallifi Dilmurod Yusupov yaqinda ijtimoiy soha sifatini qanday qilib yaxshilash va sub’ektiv yondashuv hamda korrupsion omillarni yo‘qotish yo‘llari to‘g‘risida maqola yozgan edi.