25 avgust kuni O‘zbekiston xalq artisti, kino va teatr aktrisasi Dilbar Ikromova 73 yoshida vafot etdi, deya xabar berdi O‘zA.

«Xalq so‘zi» nashrining xabar berishicha, aktrisa koronavirus infeksiyasidan davolanayotgan bo‘lgan.

Teatr va kino aktrisasi Dilbar Ikromova 1947 yilda Toshkent viloyatining Bekobod shahrida tug‘ilgan. 1970 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi San’at instituti) «Teatr va kino aktyori» fakultetani tugatgan.

Kinorejissyor M.Abzalov 1984 yilda «Kelinlar qo‘zg‘oloni» badiiy filmini suratga olishda Sotti roliga D.Ikromovani taklif etgan. Shuningdek, u «Chimildiq», «Dev bilan pakana», «Devona», «Afg‘on», «Oyqiz ertagi» kabi ko‘plab filmlarda turli rollari bilan tanilgan.

Dilbar Ikromova 2001 yilda «O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti» faxriy unvoniga sazovor bo‘lgan.