Hukumat 2020−2021 yillarda iqtisodiyotni tiklash bo‘yicha ikki bosqichli amaliy harakatlar rejasini tasdiqladi. Bu haqda «Gazeta.uz» ga Prezident administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining jamoatchilik bilan aloqalar xizmati ma’lum qildi.

Chora-tadbirlar Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Markaziy bank tomonidan boshqa vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ishlab chiqilgan.

Dastur koronavirus pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sirini bartaraf etish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatini tiklash hamda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish uchun sharoit yaratish maqsadida tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, harakatlar rejasi ikki bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich — iqtisodiyotning o‘zini barqarorlashtirish, yil oxirigacha o‘sishni tiklash.Chora-tadbirlarning to‘liq bajarilishi bilan 2020 yilga mo‘ljallangan ko‘rsatkichlar quyidagicha baholanadi:

  • YAIM — 102,2% (dastlabki prognoz 105,5%);
  • sanoat — 103,4% (106,5%);
  • qishloq xo‘jaligi — 103,3% (104%);
  • investitsiyalar — 101,2% (109,3%);
  • xizmatlar — 100,1% (105,8%);
  • chakana savdo aylanmasi, shu jumladan umumiy ovqatlanish — 103% (105,6%);
  • eksport — 94,3% (115,6%).

Ushbu hisob-kitoblar respublikada va dunyo miqyosida karantinni qayta joriy etish ehtimolini o‘z ichiga olmaydi.

2-bosqich — 2020−2021 yillarda koronavirus pandemiyasi oqibatlarini to‘g‘irlash bilan 2021 yildan 5,0−5,5 foizgacha barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan islohotlarni davom ettirish.

«Shu bilan birga, tashqi ta’sirning davomiyligi va pandemiyaning iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari va sektorlariga (turizm, transport, eksport) ta’sirini hisobga olgan holda, ularning inqirozgacha bo‘lgan tendensiyalariga chiqish 2021 yildan o‘tishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Makroiqtisodiy siyosat va bozor institutlarini isloh qilish sohasidagi asosiy chora-tadbirlar:

  • tashqi qarzlarning o‘sishini to‘xtatish;
  • tashqi qarzlardan samarali foydalanish;
  • davlatning investitsiya xarajatlarini optimallashtirish;
  • bojxona imtiyozlarini optimallashtirish bo‘yicha ishlarni yakunlash;
  • sanoat va raqobat siyosatini takomillashtirish;
  • Qishloq xo‘jaligi sohasini isloh qilishni davom ettirish.

Dasturda bank sohasidagi chora-tadbirlarga, bandlik o‘sishi, aholi daromadlari va qashshoqlikni kamaytirish orqali ichki talabni rag‘batlantirish, shuningdek, ishbilarmonlik va raqobat muhitini yaxshilash, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, sanoat va eksportni kengaytirish, mahalliylashtirish sohasidagi chora-tadbirlar, investitsiya muhitini yaxshilash va raqamlashtirishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

2021 yil 1 martgacha Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Moliya vazirligi, Davlat statistika qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga 2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasida qashshoqlikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.