O‘zbekistonda 2021 yil 1 yanvardan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida kam ta’minlangan sifatida ro‘yxatga olingan oila a’zolariga, ular mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga chiqib ketayotganda mikroqarzlar beriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 14 sentyabrdagi «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida bu haqda so‘z boradi.

Hujjatga muvofiq, mikroqarzlar xorijda ishga joylashish (shu jumladan, yo‘l haqini to‘lash va mehnat faoliyatiga ruxsat olish) bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 mln so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi. Mikroqarz foiz stavkasining 14 foizli punktidan yuqori bo‘lgan qismi, lekin 21 foizdan oshmagan miqdori Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Shuningdek, chet davlatlarda murakkab moliyaviy ahvolga tushgan va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz, mablag‘larsiz qolgan 10 mingga yaqin fuqarolarga 446 ming so‘m (40 doll) bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi hamda ushbu maqsadlarga 4,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.

Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Turkiya Respublikalarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida advokatlik firmalari jalb qilinadi, onlayn platforma yaratiladi va Rossiya Federatsiyasi hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan «Call-markaz» tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, xorijiy mamlakatlarda O‘zbekiston fuqarolariga muntazam yordam ko‘rsatib kelayotgan shaxslarni «faxriy konsul» hamda «jamoat maslahatchisi» etib tayinlash hamda ularni davlat mukofotlari bilan taqdirlash amaliyoti joriy qilinadi.

Diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalari huzurida xorijdagi vatandoshlar, yirik ish beruvchilar hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga muntazam ravishda yordam ko‘rsatib kelayotgan boshqa shaxslar ishtirokidagi Maslahat kengashlari tashkil etiladi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida kam ta’minlangan sifatida ro‘yxatga olingan oila a’zolariga, ular xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirib, qaytib kelganda:

  • Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijaraga olingan bino va inshootlarning ijara haqini to‘lash, tadbirkorlik asoslari va moliyaviy savodxonlikka o‘qish, kredit ta’minoti sifatida taqdim etiladigan sug‘urta polisi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish uchun 2,2 mln so‘m miqdorida subsidiya to‘lanadi;
  • Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditning 14 foizdan yuqori bo‘lgan qismi, lekin 21 foizdan oshmagan miqdori kompensatsiya qilinadi.

Tuman va shahar sektor rahbarlari, mahalla raislari va mehnat inspektorlari xorijga ishlash uchun ketgan fuqarolarning oila a’zolariga moddiy va ijtimoiy holatini yaxshilash, zarur tibbiy patronaj xizmatini ko‘rsatish, ipoteka kreditlari asosida uy-joylar ajratish, farzandlarining ta’lim olishidagi muammolarini hal qilish, mehnatga layoqatli a’zolarini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashadi.