Chiroqchida gumondorni kaltaklab, o‘ldirib qo‘ygan IIB xodimlariga nisbatan sud hukmi o‘qildi, deya xabar berdi Oliy sud matbuot xizmati.
Yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi. 8 sentyabr kuni, besh nafar sobiq IIB xodimiga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud boshlangan edi.
21 sentyabr kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ushbu jinoyat bo‘yicha hukm chiqardi:
- N.Ovlayev Jinoyat kodeksining 241−1-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi «a», «b» bandlari, 234-moddasi (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) 1-qismi, 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 3-qismi va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil 6 oy ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
- A.Janqabilov Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi, 235-moddasi 3-qismi va 104-moddasi 3-qismi «d» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
- Sh.Raxmonov Jinoyat kodeksining 241−1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari, 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi «a», «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
- A.Tojinorov Jinoyat kodeksining 234-moddasi 1-qismi va 235-moddasi 2-qismi «a», «v», «g» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 5 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
- B. G‘ayratov Jinoyat kodeksining 241−1-moddasi 2-qismi «a», «b» bandlari va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga o‘tash uchun uzil-kesil 2 yil ichki ishlar idoralarida hamda boshqa mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.