Ayni damda O‘zbekistonga qaytish istagida bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Qozog‘iston bilan chegara oldi hududi Samara viloyatida to‘planib qolgan fuqarolarni vatanga olib kelish maqsadida maxsus avtobus qatnovi tashkil etildi, deya xabar qildi Transport vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.
Mazkur avtobus qatnovlari Transport vazirligi huzuridagi «Uzautotrans service» korxonasi tomonidan amalga oshiriladi. Bugun 15 ta avtobusdan iborat ilk karvon (kalonna) Rossiyaning Samara viloyatiga yo‘lga chiqdi. Ushbu qatnov barcha sanitariya qoidalari va Qozog‘iston hamda Rossiya tomonidan qo‘yilgan talablarga qat’iy amal qilgan holda bajarilmoqda.
Qatnovni bajarishga jalb etilgan 40 nafar haydovchining barchasi yo‘lga chiqishdan avval koronavirusga testtopshirishdi. Laboratoriya tahlili natijalaridan so‘ng ularga tegishli ma’lumotnoma berildi. Shundan so‘ng, tashuvlar xavfsizligini ta’minlash va qatnov davomida nimalarga e’tibor berish lozimligi yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Rejaga muvofiq avtobuslar 25 sentyabr kuni belgilangan manzilga yetib borishadi. Shu kunning o‘zida avtobuslar 700 dan ortiq yo‘lovchilarni olib O‘zbekiston tomon yo‘lga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq taxminan 4500 nafar O‘zbekiston fuqarosi Samara yaqinidagi vaqtinchalik chodir lageridan Toshkentga ketishga harakat qilayotgani haqida xabar berilgan edi. Bir necha kun muqaddam esa mahalliy blogerlardan biri mazkur lagerning yuqoridan olingan videosini joylashtirdi.