23 sentyabr kuni O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasining siyosiy fraksiyasi yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi Qonun loyihasi muhokama qilindi, deya xabar qildi Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev.

Uing so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga o‘zgartirish kiritish taklif etilgan. Bunda, ushbu kodeksning 54-moddasi ikkinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik, ya’ni «Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish» borasidagi ma’muriy huquqbuzarliklar sodir sodir etib harakatlanayotgan transport vositalarini vaqtincha ushlab turish maqsadida jarima maydoniga joylashtirish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.

«Bundan ko‘rinib turibdiki, amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks talablariga asosan fuqaro avtomobilini ushbu kodeksning 54-moddasi, ya’ni epidemiyaga qarshi kurash talabini buzganlik uchun jarima maydonchasida majburiy ushlab turish mumkin emas», — deb yozadi deputat.

Deputat IIV vakili bergan ma’lumotga asoslanib, mamlakatda karantin cheklovlari joriy etilgan muddat davomida 26 mingdan ortiq ushbu turdagi qoidabuzarliklar aniqlangani va transport vositalari jarima maydonlariga vaqtincha ushlab turish uchun olib kirilganini ma’lum qildi. Biroq IIV YHXBB ma’lumotlariga ko‘ra, 15 sentyabr kuni karantin qoidalari buzilgani uchun 155,8 mingdan ortiq avtomobillar jarima maydonlariga joylashtirilgan.

«Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bugungi kunga qadar Ichki ishlar xodimlari tomonidan MJtKning 54-moddasi asosida 26 mingdan ortiq transport vositalari jarima maydonlariga noqonuniy tarzda olib kirilganligini anglatadimi? Karantin qoidalari buzilganda avtomashina jarima maydoniga qo‘yilishini qonuniy deb jar solgan IIV ushbu qonun loyihasi bilan endi bu holatlarni noto‘g‘ri ekanligini tan olmoqda?» — deb so‘radi parlament a’zosi.

«Agar bunday bo‘lmasa, xo‘sh unda nima sababdan kodeksga o‘zgartirish kiritish taklifi ilgari surilmoqda? Bu shu kunga qadar amalga oshirilgan, lekin qonuniy asosga ega bo‘lmagan „xatoliklarni to‘g‘rilash“ uchunmi? Nima uchun bu taklif avtomobillar harakatiga doir karantin cheklovlari bekor qilingan vaqtda ilgari surilmoqda?» — deya yana savol berishda davom etadi deputat.

Doniyor G‘aniyevning ta’kidlashicha, agar Ichki ishlar vazirligi qonun loyihasida taklif etilayotgan o‘zgarishlarni o‘z vazifalarini bajarish va qonunchilik darajasida tegishli qonunchilik bazasini yaratish uchun muhim deb hisoblasa, parlament buni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Shu bilan birga, u qonunchilik hujjatlari va ularning bajarilishi o‘zaro bir-biriga mos kelishi kerak, birinchi navbatda qonun ustuvorligini ta’minlash kerak, deb hisoblaydi u.

«Shu bois, taklif qilinayotgan qonun loyihasi ma’qullanishidan oldin IIV ham o‘z xatosini tan olishi va bugungi kunga qadar MJtKning 54-moddasi asosida transport vositalarini jarima maydonlarida ushlab turish ortidan fuqarolar tomonidan to‘langan mablag‘larini qaytarishlari eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi!», — dedi Doniyor G‘aniyev.

Deputat Rasul Kusherbayev avvalroq Ma’muriy javobgarlik kodeksining 54-moddasiga binoan avtomobilni vaqtincha hibsga olish qonunni buzish ekanligini ta’kidlagan edi.

«Epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun avtomobil jarima maydoniga qo‘yilmasligi haqidagi qonun talabini aytganimda bir qator idoralar bundan ko‘z yumib, yo‘q hammasi qonuniy to‘g‘ri, deb og‘zimizni yopishga urinishgan edi. Aslida buni o‘rta ma’lumotga ega fuqaro ham bilib turibdi», — dedi u.

Parlament a’zosi Ichki ishlar vazirligi xatoni parlament orqali «jimgina» tuzatishga urinayotganini taxmin qilmoqda.

«Bu «qovun tushirish»dan jabr qo‘rgan kamida 26 mingdan ortiq fuqarolar oldida ertaga kim «kraynыy» aybdor qilinadi? Deputatlarmi? Unda kim jarima maydonida avtomobillar g‘ayriqonuniy ushlab turilgani uchun pul to‘laydi?» — deb so‘radi Rasul Kusherbayev.

Iyun oyi o‘rtalarida Toshkent shahrining Mirobod tuman ma’muriy sudi ruxsatnoma stikerisiz mashina boshqarganligi uchun jarimaga tortilgan haydovchiga nisbatan ma’muriy ishni bekor qildi. Uning avtomobilining jarima maydonida saqlanishi noqonuniy deb topildi.