5 oktyabr kuni Toshkentning Sergeli tumanidagi KIA Motors avtosalonida Janubiy Koreyaning KIA ishlab chiqaruvchisining yangi — Seltos va K5 modellari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Avvalroq «Gazeta.uz» Roodell kompaniyasi «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi ADM-Jizzakh zavodida ushbu ikki modelni yig‘ishni va noyabr oyidan savdoga chiqarishni rejalashtirayotganini xabar qilgan edi.

Oltita komplektatsiyada taqdim etilgan K5 sedani narxi 249,9−369,9 mln so‘m, uchta komplektatsiyadagi Seltos ixcham krossoveri narxi esa 229,9−279,9 mln so‘m atrofidagi tashkil etmoqda.

Doniyor Davlatyorov.

Roodell bosh direktori va asoschisi Doniyor Davlatyorov «Gazeta.uz»ga Rossiyadagi narxlar o‘rtasidagi farqlar, O‘zbekiston uchun taqdim etilayotgan eksklyuziv modellar safini kengaytirish, shuningdek, «O‘zavtosanoat» bilan hamkorlikdagi murakkabliklar to‘g‘risida so‘zlab berdi.

KIA modellari qiymatining Rossiyadagi narxlar bilan farqi haqida

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston va Rossiyadagi KIA narxlari o‘rtasidagi farqlarga diqqat qaratildi. Doniyor Davlatyorov nima uchun Rossiyadagi modellar arzonroq ekanini tushuntirib berdi.

«Birinchidan, biz Rossiya Federatsiyasida tayyorlanmaydigan komplektlardan mashinalar ishlab chiqaramiz, ya’ni avtomobil narxining Rossiya bilan hech qanday aloqasi yo‘q. Ikkinchidan, bizda butunlay boshqa komplektatsiyalar mavjud. Rossiyada e’tibor mahsulot tannarxini pasaytirishga qaratilgan, chunki har yili qariyb 1,5 million dona avtomobil sotiladigan juda raqobatbardosh bozor mavjud, bizning holatimizda esa bu bosqichda bizga zamonaviy, jihozlanish jihatidan rang-barang, bizning bozorimizda esa umuman mavjud bo‘lmagan narsalarga ega yaxshi avtomobil. Shuning uchun konplektatsiyalarimiz o‘z-o‘zidan Rossiyanikiga qaraganda qimmatroq», — dedi u.

«Masalan, Rossiyada KIA Seltos 1,6 l dvigatel va mexanik uzatmalar qutisi bilan sotilmoqda. Bizda bunaqasi mutlaqo yo‘q. Bizda faqatgina muqobilsiz avtomat uzatmalar qutisi bo‘lgan 2 litrli dvigatellisi bor. K5 bilan ham xuddi shunday», — deya tushuntirdi tadbirkor.

Roodell ehtiyot qismlarni yetkazib berishdagi transport xarajatlarini ham sanab o‘tdi

«Yana transport logistikasi. Agarda biz ehtiyot qismlarni Janubiy Koreyadan olib kelsak, ular portda yuklanadi, portdan Rossiyaga, u yerdan Rossiya bo‘ylab poyezdlarda Qozog‘istonga, u yerdan Toshkentga, bu yerda vagonlarga ortilib, Jizzaxga olib kelinadi. Bu katta xarajatlarga olib keladi. Keyingi bosqichda biz zavod oldiga logistika xarajatlarini kamaytirish orqali mahsulot tannarxini pasaytirish vazifasini qo‘yganmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Roodell kompaniyasining asosiy vazifasi xaridor nimani xohlayotgan bo‘lsa shuni berish uchun O‘zbekiston bozoriga mahsulot chiqarish va ishni imkon qadar tezroq boshlash bo‘lgan.

Doniyor Davlatyorovning fikricha, O‘zbekistonda KIA avtomobillari narxlari birmuncha arzon, chunki tayyor ko‘rinishda import qilinganida narxlar 70−80 foizga qimmatroq bo‘lishi mumkin edi. Shunday qilib, kompaniya mahalliy xaridorlarga zamonaviy, muqobil nimanidir taqdim etishni xohladi.

O‘zbekiston uchun eksklyuziv modellar safini kengaytirish

Avtomobil ishlab chiqaruvchisining biznes rejasi va rivojlanish strategiyasiga ko‘ra, har chorakda bittadan KIA modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

«KIA modellari haqida gapiradigan bo‘lsak, kelgusi yil oxiriga qadar biz modellar safida 8 raqamiga kelamiz. Nimadir arzonroq, nimadir qimmatroq bo‘ladi. Bizning maqsadimiz — O‘zbekistonga zamonaviy, yangilangan, oxirgilarni olib kelish», — deditadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi modellar asosiy bozorlarda biroz restayling o‘tkazilgandan so‘ng ishga tushiriladi.

Birinchi bosqichda zavod 195 operatsiyani bajaradigan yirik uzelli yig‘ish usuli bo‘yicha avtomobillarni yig‘adi.

Ikkinchi bosqichda, 2022 yil oxiriga qadar payvandlash, korpus bo‘yash ustaxonalari va SKD-yig‘ishni o‘z ichiga olgan liniyalarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Ayni paytda ob’ektda 600 ga yaqin ishchi, shu jumladan zavodning o‘zida 200 ishchi mehnat qilmoqda.

«Ikkinchi bosqichda biz butunlay boshqa avtomobilni chiqaramiz, u hozir hech qayerda yo‘q. U MDHda taqdim etilmagan. Bu eksklyuziv ravishda O‘zbekiston hududida butun mintaqa uchun ishlab chiqariladigan yangi KIA mahsuloti bo‘ladi… Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, bu arzon avtomobil bo‘lib, eksport ham qilinadi», — dedi Doniyor Davlatyorov.

Jizzaxdagi erkin iqtisodiy zona a’zosi sifatida o‘z majburiyatlari doirasida Roodell ishlab chiqarilgan avtomobillarning taxminan 20 foizini eksport qilishni, shuningdek mahalliylashtirish darajasini kamida 30 foizga yetkazishni niyat qilmoqda.

UzAuto Motors monopoliyasi va «O‘zavtosanoat» bilan hamkorlik

Doniyor Davlatyorov monopoliya bir tomondan qo‘rqitgani, ikkinchi tomondan esa undan minnatdor ekanini tan oldi.

«Chunki ular bo‘lmaganida birgalikda zavod qurgan sheriklarimiz, katta ehtimol bilan [Roodell bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lmagan bo‘lardi]», — deya ta’kidladi u.

Roodell sheriklari birinchi bo‘lib zavod qurish uchun «O‘zavtosanoat»ga murojaat qilgan, biroq ulardan rad javobini olgan, deya ma’lum qildi tadbirkor.

«Sheriklarimizning aytishicha, hozirgi sheriklari bilan tuzilgan bitim noodatiy bo‘lgani uchun ular rad etishgan. Rad etilganidan keyin brendlar zavodni qurish uchun boshqa sheriklarni izlashga tushgan. Biz ular bilan kelishdik, garchi uzoq vaqt ishontirdik: „Qo‘rqmanglar, bizning bozor dahshatli emas, monopolist sizni ezib tashlamaydi, bizning bozorimiz mutlaqo ochiq“», — dedi u.

Doniyor Davlatyorovning tasdiqlashicha, uning kompaniyasi ehtiyot qismlarni mahalliylashtirishda «O‘zavtosanoat» bilan hamkorlik qilish niyatida.

«Bizning „O‘zavtosanoat“ bilan hech qanday aloqamiz yo‘q. Bu kompaniya bozorda 25 yildan buyon ishlab kelmoqda va biz uchun qiziq bo‘lgan korxonalarga egalik qiladi. Biz ular bilan quyidagi sohalarda ishlashni xohlaymiz: akkumulyator batareyalari, o‘rindiqlar, oyna, tutun chiqarish tizimlari. Bular biz birinchi bosqichda mahalliylashtirishni xohlagan ehtiyot qismlardir», — dedi u.

O‘z navbatida, Roodell «O‘zavtosanoat» bilan muzokaralarda muayyan qiyinchiliklarga to‘qnash kelmoqda, deya ma’lum qildi ishbilarmon.

«Biroq qiyinchiliklar bor, tan olaman. Ular bizdan o‘zlarini olib qochishmoqda, biz bilan gaplashishni xohlashmayapti. «Siz — xususiy kompaniyasiz, «O‘zavtosanoat»ga aloqangiz yo‘q, bizning raqobatchimizsiz, deyishmoqda. Aminmanki, biz, baribir, «O‘zavtosanoat» bilan kelishuvga erishamiz. Biz keling, birga ishlaymiz, deb ochiq aytamiz. Mana shu — tillarda, OAVda juda mashhur bo‘lgan kooperatsiya, biroq aslida erishish juda qiyin», — deb hisoblaydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya, Hindiston va Koreya Respublikasidan bo‘lgan sarmoyadorlar O‘zbekiston bozoriga kirish va avtomobillar uchun ehtiyot qismlarini ishlab chiqarishga tayyor.

Roodell kompaniyasi kelgusida faqatgina KIA emas, balki jahonning boshqa mashhur brendlari avtomobillarini ham ishlab chiqarishni maqsad qilgan.

Foto