Sud Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan ehtiyot chorasini qamoqdan uy qamog‘igacha o‘zgartirdi, deya xabar berdi Toshkent viloyati prokuraturasi.
Prokuratura jinoyat ishi doirasida Guljahon Yo‘ldoshevaning konstitutsiyaviy huquqlari to‘liq ta’minlanganini ta’kidladi — barcha tergov tadbirlari advokat ishtirokida o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, shahar xalq ta’limi bo‘limi 9 sentyabr kuni Chirchiq prokuraturasi iltimosiga binoan ayblanuvchining olti nafar voyaga yetmagan farzandini ijtimoiy himoya qilish choralarini ko‘rgan.
Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev tashabbusi bilan Chirchiq prokurori suddan Guljahon Yo‘ldoshevaning ayol kishi ekani va olti nafar voyaga yetmagan farzandi borligini hisobga olib, ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘radi.
Viloyat prokuraturasining ta’kidlashicha, ehtiyot chorasini o‘zgartirish bosh vrachdan ayblovlarni olib tashlashni anglatmaydi. Tergov davom etmoqda.
5 oktyabr kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva Guljaxon Yo‘ldoshevani himoya qildi. Uning olti farzandning onasi ekani va ularning eng kichigi ikki yoshdaligi bois bosh vrachning sudgacha qamoqda saqlanayotganini qoraladi.
«Guljahonning „ishida“ nega qonun bu qadar qattiq va qat’iy? Olti bola bilan qayergadir qochib qutulishi mumkinmi? Nahotki sudgacha qamoqda saqlash bizning huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining yagona yo‘li bo‘lsa? Jinoyat-protsessual qonunchiligida boshqa ta’sirchan ehtiyot choralarini qo‘llashga nima xalaqit beradi?» — deb yozdi Saida Mirziyoyeva Toshkent viloyati prokuraturasidan qarorini qayta ko‘rib chiqishni so‘ragan holda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ham shu kabi omillarni ko‘rsatgan holda bosh shifokorni himoya qilib chiqdi. Shunisi e’tiborga loyiqki, Sog‘liqni saqlash vazirligi ommaviy axborot vositalarida ehtiyot choralari o‘zgarishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lganidan keyin bayonot berdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyat viloyat bosh infeksionisti 8 sentyabr kuni Chirchiq shahridagi go‘zallik salonida ushlangan va bir kun o‘tgach, sud qarori bilan hibsga olingan edi. U sudlanuvchi sifatida 167-moddaning 3-qismining «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish juda ko‘p miqdorda) va 207-moddaning 3-qismining «a» bandi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanuvchi sifatida jinoiy ishga jalb qilingan.