O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omboridan zarar ko‘rgan hududlarda olib borilgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Sirdaryo viloyatiga keldi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, texnogen ofat ro‘y bergan uchta hududda 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani «Do‘stlik» mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani «Haqiqat» mahallasida 40 ta hamda Oqoltin tumani «Navbahor» mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor. Prezident dastlab Mirzaobod tumanidagi «Haqiqat» mahallasida bo‘ldi.

«Suv toshqini juda katta talafot bo‘ldi. Ham fojia oqibatlarini bartaraf etish, ham qisqa muddatda odamlarni rozi qilishimiz kerak edi. Bunga uncha-muncha davlatning dosh berishi o‘zi bo‘lmaydi. Har bir odam bilan gaplashdik. Vazirliklar, hududlarni jalb qilib, tezkor ish tashkil etildi. Sovuq kunlarga qoldirmasdan, oilalarni uy bilan ta’minlashga erishdik. Eng katta masala — odamlarning ko‘nglidagi g‘ashlik ketdi, ular rozi bo‘ldi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.


Ilgari bu joylardagi ko‘p uylarda tabiiy gaz yo‘q edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan. Yana bir muhim tomoni — yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham o‘zlarida qoldi.

Davlat rahbari o‘sha qiyin kunlarda butun xalqimiz jipslashib harakat qilganiga katta e’tibor qaratdi.


«Butun mamlakatimizdan mutaxassislar keldi. Bu yerda Qoraqalpog‘iston va har bir viloyatning o‘z ko‘chasi bor. Qudratimiz borligiga, birlashsak, mehrli bo‘lsak, ko‘p ishlarni amalga oshirishimizga hamma inondi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Bu mahalla «Yangi O‘zbekiston» deb nomlangan.

«Yangi O‘zbekiston» deyilganida ham ma’no bor. Agar xalqimizga ma’qul bo‘lsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz o‘zgarishi kerak", — dedi Prezident.


Yangi mavzeda mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilgan. Uylarga xizmat ko‘rsatuvchi servis kompaniyasi tashkil qilingan.

Turar joylarni ekspluatatsiya qilish tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Foto