Prezident 13 oktyabr kuni «Alohida ta’lim extiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi.
Mazkur qaror bilan 2020−2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasi, ushbu konsepsiyani 2020−2021 yiilarda amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» hamda Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar ta’limini 2025 yilgacha rivojlantirishning maqsadli parametrlari tasdiqlanmoqda.
Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkich va tegishli davrga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, 2020 yildan boshlab har yili tasdiqlanadigan alohida «yo‘l xaritasi» asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Konsepsiya ikki bosqichda amalga oshiriladi:
2020-2022 yillarda:
- inklyuziv ta’lim tizimi sohasidagi normativ baza takomillashtiriladi;
- tizim uchun malakali pedagog kadrlar tayyorlanadi, qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi;
- inklyuziv ta’lim joriy etilgan muassasalarning moddiy-texnika bazasi mustahkamlanadi, ular maxsus moslamalar (ko‘tarish qurilmasi, pandus, tutqich va boshqalar), zarur adabiyotlar, metodik qo‘llanmalar, turli kasblarga o‘qitish uchun uskuna va jihozlar bilan ta’minlanadi;
- sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion loyihalar joriy etiladi;
- imkoniyati cheklangan bolalarning bilim olish huquqi, inklyuziv o‘qitishning mazmun-mohiyatini tushuntirish orqali aholi o‘rtasida ijobiy ijtimoiy muhit shakllantiriladi;
- ularni kamsitish, salbiy muomalada bo‘lishning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
- inklyuziv ta’lim tizimi tajriba-sinov tariqasida alohida ta’lim muassasalarining faoliyatiga joriy qilinadi.
2023-2025 yillarda:
- inklyuziv ta’lim tizimi bosqichma-bosqich boshqa umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida joriy qilinadi;
- har bir bolaning inklyuziv ta’lim olish huquqini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi;
- o‘qitish usullari takomillashtiriladi hamda ta’lim jarayoniga individuallashtirish tamoyillari bosqichma-bosqich joriy etiladi;
- ta’lim jarayonida o‘quvchilarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashga, ularning jismonan sog‘lom va baquvvat shakllanishiga qaratilgan choralar ko‘riladi;
- o‘quvchilarning jismoniy va aqliy ehtiyojidan hamda ta’lim muassasalarining geografik joylashuvidan kelib chiqib ixtisoslashtirilgan davlat ta’lim muassasalari (maktab va maktab-internatlar) soni optimallashtiriladi.
2021/2022 o‘quv yilida tajriba-sinov тариқасида:
- Shaharlar hamda Toshkent shahri tumanlarida joylashgan bittadan umumta’lim maktablarida inklyuziv ta’lim tizimini joriy qilinadi;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida joylashgan bittadan umumta’lim maktabida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun boshlang‘ich tayanch korreksion sinflarni ochiladi.
- Qashqadaryo, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida joylashgan bittadan kasb-hunar maktabida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari hamda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan guruhlar tashkil etiladi.
Mazkur ta’lim tizimi bo‘yicha erishilgan ijobiy tajriba respublikaning boshqa hududlarida ham bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.