Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan 2019/2020 o‘quv yilida umumta’lim muassasalari reytingini aniqlash doirasida nazorat ishlari va so‘rovnomalar o‘tkazildi. Uning natijalari inspeksiya saytida ma’lum qilindi.

So‘rovnomalarni o‘tkazishda xalqaro tajribalardan foydalanilgan bo‘lib, o‘rganishlar davomida O‘zbekiston tuman va shaharlaridagi maktablarda ta’lim sifati tahlil qilindi. Asosiy mezon sifatida quyidagi 4 ta ko‘rsatkich e’tiborga olingan:

  • bitiruvchi o‘quvchilarning (11-sinf) umumta’lim fanlari bo‘yicha ta’lim tayyorgarlik darajasi va sifat ko‘rsatkichi (35 ball);
  • 9-sinf o‘quvchilarining bilim darajasi (25 ball);
  • oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ulushi (20 ball);
  • umumta’lim muassasasining o‘quvchilari va pedagog jamoasi o‘rtasida o‘tkaziladigan so‘rovnoma natijalari (20 ball).

Joriy qilinayotgan reyting indikatorlarida jami natijaning 60 foizi o‘quvchilar bilim darajasini aks ettiradi.

Yuqoridagi indikatorlar asosida respublikaning 992 ta (jamiga nisbatan 10%) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari (maktablar) faoliyati tahlil qilindi. 1 iyul holatiga ko‘ra tayyorlangan reyting natijalari bo‘yicha eng yuqori o‘rinlarni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari egalladi. Eng quyi o‘rinlardan Sirdaryo, Toshkent viloyati va Surxondaryo viloyatlari joy oldi.

Umumiy reyting bo‘yicha eng yuqori 20 talikdan Andijondan 6 ta, Farg‘onadan 4 ta, Xorazmdan 2 ta, Qoraqalpog‘istondan 2 ta, Namangandan 2 ta, Buxorodan 1 ta, Samarqanddan 1 ta, Qashqadaryodan 1 ta, Surxondaryodan 1 ta maktab joy.

Eng oxirgi 20 talikka Qashqadaryodan 5 ta, Surxondaryodan 4 ta, Samarqanddan 3 ta, Toshkent viloyatidan 2 ta, Sirdaryodan 2 ta, Toshkent shahridan 1 ta, Andijondan 1 ta, Qoraqalpog‘istondan 1 ta, Buxorodan 1 ta maktab kirgan.

Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekiston 2022 yilda Xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturida (Program for International Student Assessment, PISA) ishtirok etadi deya xabar bergan edik.