Joriy yilda harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega jami 13107 nafar abituriyent OTMlarning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan edi. Dastlabki tekshirish natijalariga ko‘ra, 1828 nafar abituriyentning harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasi tasdiqlanmaganligi aniqlangan.

Qayta tekshirish natijalariga ko‘ra, 1828 nafar abituriyentdan 1516 nafari harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega ekanligi, 172 nafari safarbarlik chaqiruv rezervida xizmat qilganligi, 85 nafari harbiy xizmatni o‘tamaganligi va 55 nafari muddatli harbiy xizmatni o‘taganligi, lekin harbiy qism qo‘mondonligi tavsiyanomasiga ega emasligi aniqlandi.

DTM tomonidan tavsiyanomasi tasdiqlangan abituriyentlarning test sinovida to‘plagan ballari asosida tanlov natijalari hisoblandi. Unga ko‘ra, (ro‘yxatdan o‘tishda tanlangan 1-oliy ta’lim muassasasida imtiyoz doirasida) 1516 nafar abituriyentdan 128 nafari davlat grantiga, 478 nafari to‘lov-kontraktga o‘tish ballariga teng yoki undan yuqori ball to‘plaganligi ma’lum bo‘ldi.

Ushbu masala O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqildi. Davlat komissiyasining 6-son bayoni bilan mazkur abituriyentlarning 128 nafari davlat granti asosida, 478 nafari esa to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etildi, deb xabar beradi DTM.

Hozirda talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning qaydnomasi oliy ta’lim muassasalariga taqdim etilmoqda.

Talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar o‘z natijalarini shaxsiy kabinetlari (abitur.dtm.uz) orqali ko‘rishlari mumkin.