14 oktyabr kuni «Gazeta.uz» o‘quvchisi Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanidagi Chirchiq daryosiga tashlab ketilgan tibbiy chiqindilar suratlarini jo‘natgandi. U hudud joylashuvini ko‘rsatib, chiqindilar Zangiotadagi shifoxonalarga tegishli ekanini ta’kidladi.

Yuqori chap burchakda — Zangiotadagi №1 i №2 respublika maxsus shifoxonalari.

Tahririyat shu kuniyoq Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmatiga murojaat qildi.

17 oktyabr kuni Ekologiya qo‘mitasi ushbu ma’lumotni tasdiqladi hamda voqea joyida Toshkent viloyati ekologiya inspeksiyasi va sanitariya-epidemiologiya markazi mutaxassislari ish olib borayotganini ma’lum qildi.

«Gazeta.uz»ning aniqlashicha, voqea ikki yuqumli kasalliklar shifoxonalarining tibbiy chiqindilarini yo‘q qilish bilan shug‘ullanuvchi kompaniya o‘zgarganidan keyin sodir bo‘lgan.

27 mart sanasidan boshlab Toshkent va Toshkent viloyatidagi tibbiyot muassasalarining tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish bo‘yicha xizmatlar, shu jumladan, «O‘rtasaroy» karantin markazi va Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalari ochilgan kundan e’tiboran «Med Class Plus» kompaniyasi tomonidan ko‘rsatib kelingan.

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registriga muvofiq, «Med Class Plus» 2014 yil 29 dekabrda ro‘yhatdan o‘tgan. Asoschisi va rahbari Sherzod Ramazanov. Asosiy faoliyat turi — ikkilamchi hom ashyoni olish uchun metall bo‘lmagan chiqindilarni saralash va qayta ishlash (kelajakda — xavfli chiqindilarni yig‘ish). Kattalashtirish uchun rasmga bosing.

Korxona davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari doirasida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentili (SEOA) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzgan. Bu bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan imzolangan maxsus respublika koronavirusga qarshi kurash komissiyasining 11-sonli bayonnomasi bilan belgilangan.

28 mart kuni SEOA «Med Class Plus» bilan koronavirus tashxisi qo‘yilgan yoki ushbu virus yuqtirganlikda shubha qilinganlar davolanayotgan muassasalardan tibbiy chiqindilarini olib ketish va yo‘q qilish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Kelishuv miqdori — 300 ming kg chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun 2,9 mlrd so‘m (1 kg uchun 9659 so‘m).

Shu kabi tuzilgan bitimlar:

  • 12 iyun — 600 ming kg chiqindini yo‘q qilish uchun 6,4 mlrd so‘m (1 kg uchun 10681 so‘m);
  • 7 iyul — 500 ming kg chiqindi uchun 5,3 mlrd so‘m;
  • 3 avgust — 500 ming kg chiqindi uchun 5,3 mlrd so‘m;
  • 3 avgust — 200 ming kg chiqindi uchun 2,1 mlrd so‘m.

Shu bilan birga, maxsus komissiyaning 23 sentyabrdagi 48-conli bayonnomasi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligining kir yuvish, chiqindilarni yig‘ish, olib ketish va yo‘q qilish bo‘yicha «Pokiza Tozalash» kompaniyasi bilan davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari doirasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish taklifiga ruxsat berilgan.

Ekologiya qo‘mitasi

Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi Bunyod Abdullayevning tasdiqlashicha, «Med Class Plus» utilizatsiya qilish bo‘yicha samarali faoliyat yuritib kelgan. Biroq Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi bilan yangi kompaniya — «Pokiza Tozalash» tanlangani bois korxona xizmat ko‘rsatishni to‘xtatgan.

««Pokiza Tozalash»da utilizatsiya qiladigan pech yo‘q edi. Yakunda kompaniya shifoxona o‘likxonasi oldida tashkil qilgan qo‘lbola pechda chiqindilarni yoqishni boshladi. Katta hajm tufayli u bu ishni uddalay olmadi, natijada haydovchi tunda chiqindilarni daryo bo‘yiga olib borib tashlagan. Shu bilan birga, kompaniya birinchi korxonaning qoplaridan foydalangan», — dedi Bunyod Abdullayev.

SEOA xodimlari Quyichirchiq tumani «Surum» mahallasiga tashlab ketilgan chiqindilarni yig‘moqda. Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tibbiy chiqindilari Quyi Chirchiq tumanidan tashqari, Toshkent viloyatining Zangiota va Yangiyo‘l tumanlarida ham topilgan.

Bunyod Abdullayev ta’kidlashicha, «Pokiza Tozalash» o‘z faoliyatini boshlashdan oldin (mufel pechi yordamida chiqindilarni qayta ishlash) ekologiya ekspertizasidan o‘tmagan va bu bilan qonunchilikni buzgan.

«Qo‘mita huzurida Davlat ekologiya ekspertiza markazi mavjud bo‘lib, unda qayta ishlash imkoniyatlarini baholash uchun kompaniya ekologik ekspertizadan o‘tishi kerak edi. Lekin u ushbu talabni bajarmadi. Biz mazkur ish bo‘yicha hujjatlarni prokuraturaga topshirishni rejalashtirmoqdamiz», — deya ta’kidladi.

Quyi Chirchiq tumanidagi «Surum» mahallasi. Foto: Ekologiya qo‘mitasi.

Ekologiya qo‘mitasi matbuot kotibi taxminicha, yaqin orada tibbiyot chiqindilari utilizatsiyasi bilan bog‘liq muammo hal bo‘lmaydi. Sababi utilizatsiya bilan kerakli texnika va quvvat mavjud bo‘lmagan «Pokiza Tozalash» kompaniyasi shug‘ullanmoqda.

«Daryo bo‘yidagi chiqindilar bo‘yicha. Biz SEOAga xat yubordik. Hozir chiqindilar tashlab ketilgan hudud to‘liq tekshirilmoqda. Agar suv rostdan ham zaharlangan bo‘lsa, FVVga hududni o‘rab olish va suvni zararsizlantirish bo‘yicha murojaat yuboriladi. Chunki, shifoxonada koronavirus bemorlaridan tashqari, sil va boshqa yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ham davolanmoqda», — deya ta’kidladi.

Bunyod Abdullayev korxona va unga yaqin hududga ekologiya inspektorlaridan ikki nafari monitoring qilib borishi uchun ajratilganini qo‘shimcha qildi. Bundan tashqari, chiqindilarni daryo bo‘yicha tashlab ketgan haydovchi bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida (1,1 mln so‘m) jarimaga tortilgan.

Med Class Plus

«Gazeta.uz» shuningdek, «Pokiza Tozalash» kompaniyasiga qadar chiqindilarni yo‘q qilish bilan shug‘ullangan «Med Class Plus» korxonasi rahbari Sherzod Ramazanov bilan ham bog‘landi.

«Biz o‘z faoliyatimizni odatdagidek olib bordik, biroq 27 sentyabrdan Zangiota tumanidagi shifoxonalardan chiqindilarni utilizatsiya qilishni „Pokiza Tozalash“ kompaniyasiga topshirish to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining bayonnomasi chiqdi», — deya tasdiqladi Ramazanov.

Uning taxminicha, bu qarorni qabul qilishda muayyan shaxslarning manfaatdorligi hisobga olingan. Sababi chiqindilarni chiqarib tashlashni o‘rganish joyida o‘zini tanishtirmagan va kameralarsiz holi suhbatlashishni ma’qul deb bilgan Vazirlar Mahkamasining xodimi ham bo‘lgan.

Zangiota tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasidan «Med Class Plus» ishchilari chiqindilarni olib ketishmoqda.

Tadbirkor qayd etishicha, utilizatsiya qilish bo‘yicha shartnoma qo‘lga kiritgan raqobatdosh kompaniyaning qo‘lbola pechi ishlamay qolgan. Shu munosabat bilan 3 oktyabrda unga SEOdan murojaat qilishgan.

«Menga Zangiotada chiqindilar ko‘payib ketganini aytishdi va pechlarim borligini hisobga olgan holda yordam berishimni so‘rashdi. Hozir menda 16 ta pech ishlamoqda. Yaqin orada ishga tushadigan og‘irligi bir tonna keluvchi yana 3 ta pechga buyurtma berdim. Men SEOAga yordam berishga rozi bo‘ldim, ular men bilan odamlar bog‘lanishini aytdi. Menga qo‘ng‘iroq qilishdi va umuman boshqa narsalarni aytishdi. Ular ikkita pechni sotishni so‘rashdi. Men yordam berishga tayyor ekanimni, ammo pechlarni sotmasligimni aytdim. Natijada 9 oktyabr kuni Chirchiq daryosi va boshqa joylarga yig‘ilib qolgan chiqindilar tashlab ketilgan», — dedi tadbirkor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Zangiotadagi shifoxonalardan kuniga 5 tonnagacha tibbiy chiqindilar kelib tushadi. Uning taxminicha, besh-olti kun ichida 25−30 tonna utilizatsiya qilinmagan chiqindilar to‘planib qolgan. «Gazeta.uz»ning voqea bilan yaqindan tanish manbasi ham 30 tonnagacha chiqindilar yig‘ilib qolganini ma’lum qildi.

«Med Class Plus» ishchilari «O‘rtasaroy» karantin hududidan chiqindilarni olib ketmoqda.

«15 oktyabr kuni bu haqda jamoatchilikka ma’lum bo‘ldi. Yana ular tadbirkorlik etikasini ham buzishdi. Maishiy chiqindilar mening qoplarimda chiqarib tashlangan, bu bilan mening kompaniyam imidjiga zarar yetkazishdi», — dedi «Med Class Plus» asoschisi.

«Tibbiy chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha yagona firma faqat menda mavjud edi. Men yagona yetkazib beruvchi hisoblanaman. Bu biznes bilan xohlagan odam shug‘ullanishi mumkin edi, lekin bunga hamma ham jur’at qila olmagan. Mening kompaniyam 2014 yilning dekabr oyida ro‘yxatdan o‘tgan, olti yil ichida men tibbiy chiqindilarni utilizatsiya qilish bo‘yicha samarali tizimni yo‘lga qo‘ydim. Men o‘zim Toshkent tibbiyot akademiyasini reanimatolog-shifokor mutaxassisligi bo‘yicha tamomlaganman», — deya ta’kidladi u.

Tadbirkor Vazirlar Mahkamasining 27 martdagi bayonnomasi bilan «Med Class Plus» chiqindilarni utilizatsiya qilish uchun tanlanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda ko‘pchilik koronavirus yuqtirib olish qo‘rquvi tufayli bu sohada ishlashdan cho‘chishgan.

«Biz yetti nafar ishchimiz bilan ikki oy chiqindilarni yo‘q qilish uchun korxonada yashadik va ishladik… Keyin ishchilar soni oshdi, bizga «O‘rtasaroy»dagi (karantin hududi) ob’ektni berishdi. Hozir 80 dan ortiq kishi ishlamoqda. 10 ta texnikamiz bor», — deya so‘zlab berdi Sherzod Ramazanov.


«Med Class Plus» rahbarining aytishicha, uning faoliyatini «og‘zaki buyruqlar bilan» to‘xtatishga urinishlar bo‘lgan (aniq kimligi ochiqlanmadi), lekin u hujjatli asoslar so‘ragan. Yakunda «Pokiza Tozalash» Vazirlar Mahkamasining bayonnomasiga kiritilgan va 27 senyatbrdan o‘z faoliyatini yurita boshlagan.

Tadbirkor ma’lum qilishicha, avval boshdanoq «Med Class Plus» utilizatsiya pechlarini Zangiota tumanida shifoxonalar yaqinida o‘rnatishni rejalashtirgan, lekin unga buning uchun ruxsat berishmagan. Shuning uchun kompaniya ishchilari maishiy chiqindilarni yoqish uchun o‘zining Yangiyo‘ldagi zavodiga olib ketishgan. Shu bilan birga, «Pokiza Tozalash» shifoxonaning patologik anatomiya bo‘limi yonida o‘z pechlarini o‘rnatdi. Buning oqibatida mahalliy aholida vafot etganlarning jasadlari yoqilayotgandek taassurot hosil bo‘lgan.

Pokiza Tozalash



KTYADRga muvofiq, «Pokiza Tozalash» Toshkentning Olmazor tumanida 2020 yilning 3 iyul sanasida 100 mln so‘m ustav fondi bilan ro‘yxatdan o‘tgan. Kompaniyaning asosiy faoliyat turi — yig‘ishtirish bo‘yicha xizmatlarning boshqa turi. Unining asoschisi va rahbari sifatida Shoxida Saidakbarovna Raxmatullayeva ko‘rsatilgan.

«Pokiza Tozalash» ish boshqaruvchisi Saidakbar Akbarov Ekologiya qo‘mitasi bayonotini rad etib, Chirchiq daryosi bo‘yida topilgan tibbiy chiqindilar Zangiota shifoxonalariga tegishli emasлiгiнi qayd etdi.

«25 sentyabrdan buyon biz sinov rejimida ishlayapmiz. Chiqindilarni yoqish va ishchilarni o‘z hisobimizdan ishlatish orqali o‘tgan vaqt davomida davlat byudjeti uchun 1 mlrd so‘mdan ko‘proq mablag‘ni iqtisod qildik. Bizda chiqindilarni u yerga olib borish va tashlab ketish uchun hech qanday sabab yo‘q. Pandemiya sharoitida, u yerda nima bo‘layotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘ra turib, biz bundan yo‘l tutmaymiz», — deya arz qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ayblovlarini tasdiqlovchi dallilarni taqdim eta olmagan.

«Aytishlaricha chiqindilar Zangiotadan ekan. Bilmadim, balki Zangiota yaqin bo‘lgani uchun shunday deyishgandir… Voqea joyida chiqindilar bizniki emasligini aytdik. Bizga javoban bu joy Zangiotaga yaqin ekanini aytishdi… Biz bu chiqindilarni o‘z pechlarimizda yoqib yuborganmiz. Sababi — biz kasallik tarqalishini xohlamadik va chiqindilarni yoqish uchun olib ketdik. Keyin ular utilizatsiya qilingan chiqindilar to‘la pechimizni ko‘rishdi», — deya ta’kidladi ish boshqaruvchi.

«Pokiza Tozalash» vakili shuningdek, sinov muddati bir oyni tashkil etishini qayd etdi.

«Biz shartnomasiz ishlayapmiz. Shunaqa buyruq keldi. U yerda allaqachon davlat tomonidan mufel pechi qurib bitkazilgan edi. Bizni pech hozir qurilmoqda. Bizga davlatga tegishli pechni ishlatib, sinovdan o‘tkazish va mamlakatga yordam berishni aytishdi. Shu vaqtga qadar biz 1 mlrd 700 ming so‘mni iqtisod qildik. Biz davlatimizga fidokorona xizmat qilishda davom etamiz», — dedi u.

Saidakbar Akbarov ta’kidlashicha, byudjet mablag‘larini iqtisod qilish maqsadida «Pokiza Tozalash» kompaniyasi Zangiotadagi shifoxona hududida joylashgan mufel pechini ishlatish bo‘yicha taklif bilan chiqqan.

«Sinov muddatiga tugagach, hudo xohlasa bizda shartnoma bo‘ladi. Ertaga biz o‘zimiz qurgan 10 tonnalik pech ochilishi kutilmoqda. Uskunalarni xorij davlatlaridan olib kelib, shu yerda yig‘dik. Davlatga tegishli pech qayerdan kelganini bilmayman», — deya qayd etdi.

Foto: Rasul Kusherbayev / Telegram.

Zangiota shifoxonalarida yig‘ilib qolgan 25−30 tonnalik tibbiy chiqindilar masalasi bo‘yicha kompaniya ish boshqaruvchisi, — «bunaqa bo‘lishi mumkin emas», — deya javob qaytardi.

Davlat xaridlari sayti ma’lumotlariga qaraganda, Zangiotadagi 2-sonli shifoxona oktyabr boshida «Pokiza Tozalash» kompaniyasi bilan tozalash, dezinfeksiya qilish, kiyim-kechak va choyshablarni dazmollash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolagan. Bitimning umumiy miqdori (1, 2) 1,6 mlrd so‘mga yaqinni tashkil etmoqda.

24 oktyabr kuni SSV tomonidan Zangiotadagi shifoxonalarda tibbiy chiqindilar qay tartibda yo‘q qilinishi bo‘yicha axborot berish maqsadida press-tur tashkil etilgan. Kun.uz nashrining ma’lum qilishicha, epidemiolog Mohigul Musabekova shifoxonada to‘planadigan chiqindilar 3 xil — yumshoq, qattiq va kesiluvchi-sanchiluvchi asboblardan iborat bo‘lishi va ularning har biri avvaliga maxsus konteynerlarga joylanishini ta’kidlagan.


«Har biri moslashtirilgan idishlarga solinganidan keyin, ustiga dezinfiksiyalovchi vosita quyiladi ozroq, so‘ngra og‘zi zichlab yopiladi, qoplar bo‘g‘ib bog‘lanadi va ustidan yana dezinfeksiyalovchi vosita sepiladi. Ana undan keyin tashqariga, har bir blokni oldiga belgilangan joyga olib chiqiladi. Shifoxonada chiqindilar shu tarzda kuniga uch marta olib chiqiladi. Shundan so‘ng belgilangan vaqtda maxsus transportda olib ketilib, mufel pechlarda yo‘qotiladi», — dedi epidemiolog.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mufel pechlari shifoxona bilan birga qurila boshlagan. Mufel pech qurib bitkazilgunicha esa maxsus insenvator, Med Class Plus korxonasi olib ketgan.

«Pokiza Tozalash» ish yurituvchisi Saidakbar Abrorxo‘jayev 25 sentyabrdan beri ikki tonnalik pechda sinov muddati hisobidan chiqindilarni yoqib, yo‘q qilib kelayotganini, ular bilan hamkorlikda «Med slass plus» korxonasi ham borligini ma’lum qilgan. (Avvalroq «Med slass plus» rahbari Sherzod Ramazanov Vazirlar Mahkamasining 11-sonli bayonnomasi bilan 27 sentyabrdan chiqindilar utilizatsiyasi Pokiza Tozalash kompaniyasiga topshirilganini tasdiqlagandi — tahririyat.)


Saidakbar Abrorxo‘jayev shuningdek, bu pech shifoxona hisobidan qurib bitkazilgani, davlat byudjetini tejash maqsadida ushbu shifoxona hududida shu pechlar qurilgani va buni sinov muddatida sinab ko‘rganini ta’kidlagan.

«Lekin bu bizning talabga javob berolmagani uchun kattaroq pech qurishga to‘g‘ri keldi. Sababi oldingi pechning ichiga bir vaqtning o‘zida 2,5 tonna chiqindini solib bo‘lmaydi. Katta pechning ichiga esa bir vaqtda 5 tonnagacha chiqindi solish imkoniyati bor. Bu orqali shifoxonadan chiqadigan chiqindilarni birdan yoqib yuborib, hech qayerda to‘planib qolmasligini ta’minlashga erishish mumkin. Hududdan tashqariga hech qachon chiqindi chiqmagan. „Med Class Plus“ korxonasi bilan hamkorlikda buning imkoniyatini qilyapmiz. Chiqindilar korxonaning hamma tomoni yopiq maxsus mashinalarida olib chiqib ketiladi», — deya ta’kidlagan.

Epidemiolog Mohigul Musabekova bunday paytda asossiz ma’lumotlarni bu yerdagi ma’lumotlar bilan aralashtirish kerak emasligini aytgan. Shu bilan birga, chiqindilarni yo‘q qilish tartibi qanday yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u berib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma’lumotlardan farqli o‘laroq, bu yerdagi holat boshqacha ekaniga e’tibor qaratgan.

«Aytmoqchimanki, shu ma’lumotlarni boshqacha ravishda talqin qilib, aynan Zangiotadan chiqib ketgan chiqindi, degan to‘xtamga olib kelgan ma’lumot beruvchilarni biz insofga chaqirgan bo‘lardik. Chunki ish hajmidan kelib chiqqan holda har doim bu ishlar nazoratimizda bo‘lib kelgan», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, maqola avvalida «Med Class Plus» rahbari Sherzod Ramazanov Zangiotadagi shifoxonalardan kuniga 5 tonnagacha tibbiy chiqindilar kelib tushishini aytgandi. U taxminan, besh-olti kun ichida 25−30 tonna utilizatsiya qilinmagan chiqindilar to‘planib qolganini ham qo‘shimcha qilgan. O‘shanda «Gazeta.uz»ning voqea bilan yaqindan tanish bo‘lgan manbasi ham 30 tonnagacha chiqindilar yig‘ilib qolganiнi ma’lum qilgan. «Pokiza Tozalash» ish yurituvchisi Saidakbar Abrorxo‘jayev esa shifoxona hududida qurilgan mufel pechga 2,5 tonna ham chiqindi sig‘masligini tasdiqlagan.

«Gazeta.uz» tahririyati mazkur masala bo‘yicha aniq ma’lumot taqdim etishini so‘rab Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rov yubordi.