Moskva meri Sergey Sobyanin koronavirus infeksiyasi holatlari ko‘paygani sababli shaharda yangi cheklovlar joriy etilishini e’lon qildi, deb хаbar bermoqda « Meduza».

Jumladan, universitet va kollej talabalari masofadan o‘qitishga o‘tkaziladi va maktab o‘quvchilari uy rejimiga rioya qilishlari tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, Moskva hukumati umumiy ovqatlanish korxonalari (restoran, kafe, bar), shuningdek tungi klublar, karaoke, bouling, diskotekalarga soat 23:00 dan 6:00 gacha tashrif buyurish taqiqlanadi. Ularga faqat o‘zi bilan olib ketish va yetkazib berish xizmatini davom ettirishga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, tomoshabinlar bilan madaniy, ko‘ngilochar va ma’rifiy tadbirlar to‘xtatiladi.

Bolalar kunduzgi oromgohlari, ko‘ngilochar markazlari, savdo markazidagi bolalar xonalari, umumiy ovqatlanish korxonalaridagi bolalar burchaklari va shu kabi joylarda bo‘lish vaqtincha to‘xtatiladi. Faqatgina bolalar uchun ochiq havoda mashg‘ulotlar o‘tkazish mumkin.

«Yangi cheklovlarni joriy etish oson emas, biroq bu majburiy choralar. Umid qilamanki, ular ishlaydi va ko‘plab moskvaliklarning hayotlari va sog‘lig‘ini saqlab qoladi», — dedi Sergey Sobyanin.

Barcha cheklovlar ikki oy davomida — 2020 yil 13 noyabrdan 2021 yil 15 yanvargacha amal qiladi.