3 yil ichida hunarmandchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 100 mln AQSH dollariga teng kredit resurslari ajratildi. Bu haqda Respublika «Hunarmand» uyushmasi raisi Ulug‘bek Abdullayev ma’lum qildi.

Ushbu kredit mablag‘lari hisobiga hozirda 158 ming hunarmand-shogirdlar bandligi ta’minlandi.

«100 mln dollar jalb qilinishi evaziga 28 000 ta, ya’ni qariyb 891 mlrd so‘mlik loyihalar amalga oshirildi. Hududlar kesimida olib qaraganda ham, masalan Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston respublikasida ham loyihalar soni va qiymati oldingi yillarga nisbatan oshgan», — deya aniqlik kiritdi Ulug‘bek Abdullayev.

Hunarmandchilik uchun ajratilgan kreditning asosiy qismi yangi asbob-uskunalarni xarid qilish va xomashyoga yo‘naltirilganligi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, hunarmand-shogirdlarga Uyushma tomonidan QR-kodli maxsus guvohnoma berildi. Ular tegishli hududdagi bandlik bo‘limi orqali Uyushma va Savdo-sanoat palatasi bilan uch tomonlama tizim asosida faoliyat yuritadi.