16 noyabr kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Yoshlar festivali oyligi doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda volontyorlar haqida fikr bildirib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

«Tovar, pul olish, Payme orqali pul o‘tkazib berish, kimgadir nimadir olib borib berish haddan tashqari ko‘payib ketayapti — volonterlar. Sal shubhaga borayapmanda oxirgi paytda. Volontyorlik, bu — kasbmi yoki haqiqatan yordam berishmi? Yoki bundan daromad olishmi? Shuning farqiga yetib bora olmayapman. O‘zi volontyor tushunchasi nima degani?», — dedi u.

«Lekin men birorta volontyorni birorta qariyani oyog‘ini sovunlab yuvib qo‘yganini ko‘rmagandim. Yoki sochini tarab qo‘yay, sochini yuvib qo‘yay, deyish mumkin, masalan, uyida yotgan qari ayollarni. Hammasi sumka-sumka narsa olib borib tashash bilan ovora. Buni bir ko‘rib chiqishimiz kerak», — deya ta’kidladi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shuningdek, Toshkent hokimi uchrashuvda bloger va jurnalistlar uchun kovorking markazi tashkillashtirilishi haqida ma’lum qildi.

Bundan tashqari, yoshlar ishsizlik masalasida murojaat qilib, juda ko‘p oilalar ishsiz qolib ketayotgani va bunga yordam berish kerak ekanini taklif qilishdi. Shahar hokimi birinchi navbatda «ishsiz bilan dangasani ajrata olishimiz kerak"ligini aytib o‘tdi va rostan ham ishsiz bo‘lsa yordam ko‘rsatishini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirda Toshkentda «Toshkent yoshlarni sevadi!» shiori ostida yoshlar festivali oyligi davom etmoqda.