Yil boshidan buyon Toshkentdagi oqova suvlarda ushlab qolingan maishiy chiqindilarning umumiy hajmi 292 tonnani tashkil etdi, deya xabar berdi «O‘zsuvta’minot» kompaniyasi matbuot xizmati.

2017 yilda bu ko‘rsatkich 110 tonnani, 2018 yilda — 182 tonnani, 2019 yilda — 164 tonnani tashkil etdi. «Bundan kelib chiqadiki, har yili kanalizatsiya tizimiga tashlanadigan maishiy chiqindilar hajmi ko‘paymoqda», — deyiladi «O‘zsuvtaminot» matbuot xizmati xabarida.

Poytaxtning oqova suvini tozalaydigan Bo‘zsuv, Salar va Bektemir aeratsiya stansiyalari har kuni Qoraqamish va Janubi-G‘arbiy kollektorlardan 630 ming kubometr suvni qayta ishlaydi.

Chiqindilar orasida maishiy chiqindilar ham bor — aholi tomonidan kanalizatsiyaga tashlangan oziq-ovqat qoldiqlari, yelim butilkalari, kiyim, tagliklar va sanoat chiqindilari, shu jumladan, to‘qimachilik korxonalari qoldiqlari va parrandachilik fabrikalari chiqindilari.

Kanalizatsiya tizimidagi buzilishlarning aksariyati maishiy chiqindilarning hojatxonaga va kanalizatsiya tizimiga tashlanishi bilan bog‘liq, deya tushuntirdi «O‘zsuvta’minot». Bu kollektorlarning tiqilib qolishiga va kanalizatsiya tizimidagi avariyalarga, kelajakda esa hududlarda sanitariya holatining yomonlashishiga va atrof-muhitning ifloslanishiga olib keladi.

«O‘zsuvta’minot» kanalizatsiya tizimidan foydalanish qoidalarini eslatib o‘tdi. Qum, gips, sement, metall, tola, tuproq va qurilish materiallari hojatxonaga yoki quduqqa tashlanmasligi kerak.

Turli kislotalar, ishqorlar, moylar, erimaydigan yog‘lar, smola, mazut quvur devorlarini yo‘q qilishga yoki oksidlanishiga olib kelishi mumkin.

Shuningdek, ishqorlar, benzin, kerosin, farmatsevtika va gigiyena vositalari (ayniqsa, bolalar tagliklari), poliyetilen paketlar, oziq-ovqat chiqindilari va lattalarni tashlash mumkin emas.