O‘zbekiston tarixida ilk marotaba xalqaro moliya bozorlarida milliy valyutada 2 trillion so‘m hajmida suveren obligatsiyalar joylashtirdi. Bu haqda Timur Ishmetov o‘z Twitter akkaunti orqali xabar berdi.

Moliya vazirligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, oldinroq qator yirik xalqaro investorlar tomonidan respublikaning makroiqtisodiy istiqbollari va tizimli islohotlari yuzasidan ijobiy xulosa berilgan, hamda nafaqat dollarda, balki o‘zbek so‘mida ham denominatsiya qilingan suveren xalqaro obligatsiyalarning chiqarilishiga ham qiziqish bildirilgan.

Bu nimani anglatadi?

Xalqaro obligatsiyalarning milliy valyutada chiqarilishi valyuta xatarlarini kamaytirishga xizmat qilish bilan birga kelajakda ichki moliya bozoriga, jumladan davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bozoriga xalqaro investorlarni jalb qilish uchun zamin yaratadi.

Investorlar takliflariga binoan 750 mln AQSH dollari miqdoridagi suveren xalqaro obligatsiyalarni 2 transhda — 10 yillik muddat bilan AQSH dollarida va 3 yillik muddat bilan o‘zbek so‘mida — chiqarish va London fond birjasida joylashtirish bo‘yicha boshlang‘ich foiz stavkalar, mos ravishda, 4.25% atrofida va 15.25% atrofida belgilandi.

Moliya vazirligining xabar berishicha, buyurtmalar joylashtirilgandan keyin, ularning hajmi ikki soat ichida dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun mos ravishda, 1,6 mlrd dollar va 1,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 3,875% va 14,75% ga tushirildi.

AQSH bozorlari ochilgach, buyurtmalar hajmi oshishda davom etib, mos ravishda, 3,8 mlrd dollar va 5 trln so‘m maksimal qiymatga yetib bordi hamda foiz stavkalarini yana tushirish uchun imkoniyat yaratdi.

Savdo yakunlari bo‘yicha, xalqaro obligatsiyalarning hajmi va foiz stavkalari quyidagicha belgilandi:

  • 10 yillik AQSH dollari transhi: 555 mln dollar 3,70% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,55% past);
  • 3 yillik o‘zbek so‘mi transhi: 2 trln so‘m 14,50% kupon bilan (dastlabki foiz stavkadan 0,75% past).

Xabar to‘ldirildi: 10:43, 20.11.2020