Toshkentdagi «Turkiston» saroyi atrofida maxsus belgi ostiga olingan daraxtlar imkon qadar saqlab qolinadi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xabar qildi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, poytaxtning markaziy ko‘chalaridagi daraxtlar holatini aniqlash maqsadida noyabr oyida Davlat ekologiya qo‘mitasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fanlar akademiyasi hamda Toshkent shahar hokimligi va jamoatchilik vakillaridan iborat ishchi guruh tashkil etilgan.
Navoiy ko‘chasi bo‘ylab tabiiy omillar yoki o‘simlik zararkunandalari ta’sirida zararlangan, o‘zining biologik yoshini o‘tab bo‘lgan, turli kommunikatsiyalarga tahdid solayotgan daraxtlar o‘rganilib, maxsus belgilar qo‘yilgan, deyiladi xabarda.
Shu asosda mazkur daraxtlarni da’volash bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanadi. Bunda har bir daraxtga individual yondashib, imkon qadar saqlab qolish, yangi ko‘chatlarni ekish rejalashtirilgan, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrga qadar davlat o‘rmon fondiga kiritilmagan qimmatbaho daraxt va butalarni kesishga moratoriy joriy etilgan. U tabiiy omillar yoki zarakunandalar ta’sirida zararlangan, kasallangan yoki qurigan, shuningdek, odamlar xavfsizligi va salomatligi, mol-mulklarga xavf solayotgan daraxt va butalarni sanitar butash va kesishga taalluqli emas.