Qashqadaryoda aholining majburiy badallardan qarzdorligi 3,5 mlrd so‘mdan oshgani va zarur mablag‘lar o‘z vaqtida yig‘ilmasligi shirkatlar tomonidan aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini yanada yomonlashishiga olib keldi, deya ma’lum qildi viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi.
Qayd etilishicha, hozirda viloyatdagi ko‘plab ko‘p kvartirali uylarning tom va yerto‘la qismlari, komunikatsiya tizimlari, bolalar maydonchalari hamda unga tutash hududlar shirkatlar tomonidan uzoq yillar davomida ta’mirlanmagan. Shirkatlar aholi ishonchini yo‘qotgani tufayli aholi tomonidan belgilangan majburiy badallar to‘lovlari to‘lanmay qo‘yilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12−13 noyabr kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida qo‘p kvartirali uylarni boshqaruv tizimini takomillashtirish, Toshkent shahrining Yunisobod tumanlari tajribasidan kelib chiqib, shirkatlar o‘rniga boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish va sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha topshiriqlar berilgan edi. Shu maqsadda aholi roziligi bilan mavjud 694 ta ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatayotgan 88 ta shirkat tugatilib, 10 ta boshqaruv servis kompaniyasini tashkil etish rejasi ishlab chiqildi.