Turkiyaning Istanbul shahrida 31 yoshli o‘zbekistonlik Burxonjon Ochilov tilanchilik bilan shug‘ullanuvchi turk fuqarosi tomonidan pichoqlab o‘ldirildi. Bu haqda Effect.uz sayti xabar qildi (video).
Hodisa 8 dekabr kuni 18:00 larda Maltepa tumanida sodir bo‘lgan. Bir necha bor sudlangan, qamoqdan garov evaziga ozodlikka chiqqan va tilanchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan 27 yoshli Bedir G. ismli turk fuqarosi kechqurun do‘konga kelib, o‘zi uchun narsa sotib olmoqchi bo‘ladi.
Do‘konga kelgan Bedir G. bilan do‘kon dileriga kurerlik qilgan Burxonjon Ochilov o‘rtasida nizo kelib chiqadi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Ochilov Bedir G. ga «Nega ishlamayapsiz, men xatto boshqa bir joydan kelganman, ishlayapman», deb tanbeh bergan. Mojaro avj olib, o‘zbekistonlikning pichoqlanishi bilan yakun topadi.
Qayd etilishicha, voqea joyidan qochib ketgan Bedir G. politsiya tomonidan ushlanib, hibsga olingan. Uning 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgani xabar qilindi.
Marhumning jasadi yaqinlari tomonidan O‘zbekistonga yuborilgan.